Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rta asr timlari – me’morchilik, savdo va madaniyat chorrahasi
14:19 / 2025-11-30

O‘rta asrlar Sharq bozori deganda, ko‘z oldimizga ko‘pincha shovqin-suronli, tartibsiz va chang-to‘zonli savdo rastalari keladi.

Biroq, tarixiy manbalar va arxeologik tadqiqotlar bu tasavvurning naqadar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi. IX–XIII asrlarda Movarounnahrning Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarida savdo-sotiqning yuksak madaniyati shakllangan bo‘lib, uning eng yorqin timsollaridan biri – bu “tim” deb ataluvchi usti yopiq, muhtasham bozorlar edi. Bular shunchaki savdo do‘konlari majmuasi emas, balki o‘ziga xos me’moriy durdonalar, ijtimoiy hayot markazlari va shaharning boyligi hamda qudratining ramzi bo‘lgan.

Timlar odatda shaharning eng gavjum qismida, asosiy savdo ko‘chalari kesishgan chorrahalarda bunyod etilgan. Ularning asosiy vazifasi – savdogarlar va xaridorlarni yozning jazirama issig‘i-yu, qishning sovug‘i va yog‘ingarchiliklaridan himoya qilish edi. Bu inshootlarning usti gumbazlar yoki maxsus yog‘och konstruksiyalar bilan yopilgan. X asrda yashagan mashhur arab geografi Muqaddasiy o‘zining asarlarida Shosh (Toshkent) va Isfijobdagi timlarning go‘zalligi va ko‘rkamligini alohida hayrat bilan tasvirlaydi. Uning yozishicha, agar bozorni chiroyli qilib qurishni istasalar, uning devorlarini naqshlar bilan bezab, ohak bilan oqlaganlar, shiftlarini esa maxsus yopqichlar bilan yopganlar. Bu – ajdodlarimizning hatto tijorat inshootlari qurilishiga ham yuksak badiiy did va estetik yondashuv bilan qaraganidan dalolat beradi.

Samarqanddagi eng mashhur bozorlardan biri, “Samarqand So‘g‘di bozori” deb atalgan bozorning markazida “chorsu” joylashgan bo‘lib, uning usti gumbaz shaklidagi tom bilan yopilgan edi. Chorsudan tarqaladigan katta-kichik ko‘chalarda ixtisoslashgan savdo va hunarmandchilik do‘konlari joylashgan. Bunday markazlashgan va tartibli tuzilish savdo uchun qulaylik yaratgan.

Timlarning ichida savdo rastalari qat’iy tartibga solingan. Har bir mahsulot turi uchun alohida qatorlar ajratilgan. Bu qoidaga “bozor ixtisoslashuvi” deyilib, u xaridorlarga o‘zlariga kerakli molni oson topish imkonini bergan. Eng qizig‘i, eng qimmat va nozik tovar hisoblangan gazlamalar savdosi doimo timning markaziy, eng ko‘rkam va xavfsiz qismida olib borilgan. Bu – timlarning ichki tuzilishida ham iqtisodiy va ijtimoiy iyerarxiya mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Timlarning obodonchiligiga katta e’tibor qaratilgan. Ularning pollariga tosh yoki pishiq g‘isht yotqizilgan, doimiy ravishda tozalab turilgan. Bu haqda o‘rta asr mualliflari ham ko‘p yozishadi. Masalan, Istaxriy (850–934)ning Marv bozorlarini “eng toza” deb atashi, Muqaddasiyning Xorazm bozorlarini obod va savdosi jo‘shqin deb ta’riflashi fikrimizning yaqqol dalilidir. Bunday yuksak sanitariya holatiga erishishda, albatta, shahar tozaligi uchun mas’ul bo‘lgan muhtasiblarning xizmati katta bo‘lgan.

Shunday qilib, Movarounnahrdagi timlar va chorsular – bu o‘rta asrlar shaharsozlik madaniyatining yuksak namunasidir. Ular nafaqat iqtisodiy markaz, balki o‘zida me’moriy go‘zallik, ijtimoiy tartib va yuksak sanitariya madaniyatini mujassam etgan. Bu inshootlar ajdodlarimizning naqadar bunyodkor, tadbirkor va go‘zallikka oshno xalq bo‘lganidan darak berib turadi. Bugungi kunda Buxoro va Samarqandda saqlanib qolgan savdo gumbazlari o‘sha buyuk davr me’morchiligining bizgacha yetib kelgan yorqin aks-sadosidir.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA