Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama kamol toptirish, ma’nan, jismonan hamda ruhan sog‘lom qilib tarbiyalash ustuvor vazifa hisoblanadi. Maktablarda ta’limi tizimi tubdan takomillashtirilib, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi ishlar davlat siyosatining eng ustuvor vazifalariga aylandi.
O‘quvchilarga ta’lim, tarbiya berish bilan qatorda davlatning oldida yana bir muhim vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, o‘quvchilarimizning maktab ta’tillari davrida vaqtlarini sermazmun o‘tkazish masalasi. Bu borada esa, Prezidentimizning 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda, bugungi kunda Buxoro viloyatida 2025 yil yoz mavsumida oromgohlarda bolalarning dam olishlarini munosib tashkil etish hamda sog‘lomlashtirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

– O‘tgan 2024 yil yoz mavsumida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan jami 7200 nafar, bolajonlar viloyatdagi turli oromgohlarda dam oldirildi va sog‘lomlashtirildi, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i, viloyat kengashi deputati Hamza Ro‘ziyev. – Joriy yilda esa 8400 nafar bolajonlarni viloyatda faoliyat yuritayotgan 11 ta statsionar oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Ayniqsa, joriy mavsumdan faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan, Buxoro shahrining so‘lim maskanida yangidan barpo etilayotgan “Buxoro” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi viloyat yoshlari uchun katta tuhfa bo‘ladi. Bir smenasida 300 nafar bolalarni o‘z bag‘riga sig‘diradigan, barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega, zamonaviy loyihalar asosida qurib, jihozlanayotgan ushbu maskan yoz mavsumida jami 1200 nafar bolajonlarga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilmoqda.
Har yili aprel-may oylarida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida mavsumga tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Bugungi kunda ham barcha oromgohlarimizda tayyorgarlik ishlari avjida. Oromgohlarda ta’mirlash, obodonlashtirish va jihozlash ishlari boshlab yuborilgan.
Ushbu jarayonlarni monitoring qilish maqsadida viloyat rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan bolalarni dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti viloyat boshqarmasi hamda mas’ul bo‘lgan tegishli boshqarma, korxona, tashkilotlarning mas’ul mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi oromgohlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan oromgohlar rahbariyatiga tegishli tavsiyalar taqdim etildi.
Oromgohlarda bolajonlar va ularning ota-onalari uchun ham bir qator qulayliklar yaratilishi rejalashtirilgan. Jumladan, yana bir yangiliklardan biri, joriy mavsumdan boshlab departament tasarrufidagi oromgohlar uchun yo‘llanmalar sotish to‘liq “Oromgohlar.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Bu esa ota-onalar uchun ham oromgohlar uchun ham juda qulay.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.