Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oromgohlar maroqli hordiqqa chorlar
23:03 / 2024-06-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat strategiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Buning samarasi o‘laroq, ko‘plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlari ravnaq topmoqda.  

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, shu kunlarda ijtimoiy loyiha amalga oshirilib, uning doirasida Moskvadagi Crocus City Halldagi voqealar paytida jabrlangan oilalarning 100 nafar o‘g‘il-qizlari yurtimizdagi «Anor» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida hordiq chiqarish uchun O‘zbekistonga keldi.

– Bolajonlarimizni tantanali kutib olish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan ajoyib sovg‘alar taqdim etildi, – dedi Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati Departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Anastasiya Anisimova. – Ular uchun maxsus tayyorlangan kostyumlar, planshetlar, hordiq davomida zarur bo‘lgan vositalar – bularning barchasi o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, birdamligi va juda ham mehmondo‘st ekanligining yorqin ifodasidir. O‘g‘il-qizlarimizning shu vaqtdagi quvonchini ifodalashga so‘z ojiz. Kelishimiz bilanoq o‘zbekona boqiy an’analarning guvohi bo‘ldik. Oldinda esa  azim shahar Samarqand bo‘ylab sayohatlar, poytaxtingiz Toshkent shahridagi diqqatga sazovor maskanlar bilan tanishuvlar kutayotganini eshitgan bolajonlar quvonchiga yana bir olam quvonch qo‘shildi. Ushbu sayohatlar albatta, o‘g‘il-qizlarimiz yuragidan joy oladi va shubhasiz maftunkor O‘zbekistondagi hordiq bir umrga bolajonlarimiz yodida qoladi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildiramiz.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi «Anor» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bolajonlarning har tomonlama maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, 10 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lgan ushbu oromgoh jahon andozalari talablariga mos ravishda barpo etilgan bo‘lib, o‘zining betakrorligi bilan ajralib turadi. Ushbu maskan bolalarni maroqli dam oldirish va jismonan chiniqtirish bilan birga ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi markaz sifatida faoliyat olib bormoqda. 

Dam olayotgan bolajonlarning xorijiy tillar va kompyuter bo‘yicha bilimlari ham oshirilmoqda. Shuningdek, «Yosh kitobxonlar», «Tasviriy san’at», «Mohir qo‘llar», «Xoreografiya», «Jismoniy tarbiya va sport», «Rassomchilik», «Biser tikish» kabi 10 ga yaqin to‘garak mashg‘ulotlarida o‘quvchilar katta qiziqish bilan ishtirok etmoqda.  

Oromgohdagi 14 kunlik ta’til davomida rossiyalik va o‘zbekistonlik o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilgan.

«Suv to‘lqinlari» festivali, suv o‘yinlari va komikslar, kino hamda musiqa kechalari va spektakllar namoyishi, «O‘zbekistonga xush kelibsiz» taqdimot tadbirlari, «O‘zbek milliy taomlari va an’analari» taqdimoti, «Anor»da baxtli bolalik» videoroliklar tanlovi, «Bosh oshpaz» ko‘rik tanlovi, turli sport musobaqalari va spartakiadalar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mehmonlarni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va «Boqiy shahar» majmuasiga bo‘ladigan qiziqarli sayohatlar, Bo‘stonliq tumanidagi «Chinorkent» dam olish majmuasi hamda poytaxtimizdagi «Magic City» madaniyat va istirohat bog‘i hamda «Oceanarium»ga ekskursiyalar kutmoqda.

N.Usmonova, O‘zA