Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oromgohlar bolajonlarni kutmoqda
19:10 / 2023-06-02

Farg‘ona viloyatida joriy yilda 17 statsionar, 121 kunduzgi dam olish maskanlarida 32 mingdan ziyod bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda barcha oromgohlar bolajonlarni qabul qilib olish uchun shay holatda. Xo‘sh, bu yerdagi har bir kun maroqli va esda qolarli tarzda o‘tishi uchun qanday chora-tadbirlar belgilandi?  

Rishton tumanidagi "Rishton" oromgohida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan seminarda shu kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev va boshqalar yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilganini ta’kidlab, kelgusidagi muhim vazifalarga e’tibor qaratdi.  

– Farg‘ona viloyatidagi 8 bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish departamenti tasarrufiga o‘tkazilib, mazkur oromgohlarda joriy yilgi mavsumga tayyorlash ishlari yuqori uyushqoqlikda olib borildi. Oromgohlar oshxona, kutubxona, sport, yotoqxona va tibbiyot xonasi jihozlari, kompyuter jamlanmalari, televizorlar, ovoz kuchaytirgichlar, generator kabi bir qator zaruriy vositalar bilan ta’minlandi, – deydi departamentning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rasul Rahimov. –Xususan, “Rishton” oromgohida ham bolalarning mazmuni dam olishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida amaliy ishlar olib borildi. Oromgoh hududida suv ta’minoti taqchilligi bartaraf etilib, joriy yilda suv chiqarilib, suv minorasi o‘rnatildi. Bu esa oromgohning obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida o‘rin tutadi. Viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, jismonan sog‘lomlik va barkamollik omili bo‘lgan sport musobaqalari, intellektual bahslar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, topqirlik va zukkolik bahslari va bellashuvlar tashkil etilib, 30 dan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.  

Seminar davomida oromgohlarda favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish, cho‘milish havzalarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, sanitariya me’yorlariga amal qilish, tibbiy profilaktik yordam ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bir qator mavzularda oromgoh ishchi-xodimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.  

Tadbir yakunida ko‘rgazmali-amaliy tadbirlar o‘tkazilib, mavsumni yuqori uyushqoqlikda o‘tkazishga kelishib olindi.  

M.Sulaymonov, O‘zA