Ayni kunlarda boshqa oromgohlardagi kabi Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Beruniy” sog‘lomlashtirish bolalar oromgohida ham 2025 yilgi sog‘lomlashtirish mavsumi davom etmoqda. Mavsum davomida 4 navbatda jami 2 ming nafarga yaqin bola dam olish va sog‘lomlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Har bir navbatda 400 nafar bola birgalikda tabiat qo‘ynida joylashgan sog‘lomlashtirish maskanlarida dam oladi. Oromgohda bolajonlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tajribali tarbiyachilar tomonidan turli tanlovlar va musobaqalar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri, sirk namoyishlari, konsert dasturlari va ko‘ngilochar shoular ham muntazam ravishda o‘tkazib borilmoqda. Bu esa bolalarning dam olishini yanada yorqin va esda qolarli qiladi.
[gallery-24221]
Oromgohda sportni targ‘ib qilish maqsadida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida shaxmat, shashka, stol tennis, voleybol, futbol hamda kibersport bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, rassomchilik va chet tillari bo‘yicha to‘garaklar ham bolalar tomonidan faol ishtirok etilayotgan tadbirlar qatoriga kiradi.
– Biz bu yerda maza qilib dam olyapmiz, – deydi oromgoh dam oluvchisi, Qarshilik Aslbek Olimjonov. – Bir-biridan qiziqarli to‘garaklar ham tashkil qilingan va ularda ishtirok etib vaqtimizni chog‘ o‘tkazyapmiz. Ayniqsa, sport musobaqalari menda katta taassurot qoldiryapti. Jamoadoshlarimiz bilan birga turli musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelyapmiz. Qolaversa, bu yil ham yana yangi do‘stlar orttirdim.
2025 yilgi sog‘lomlashtirish mavsumi har bir navbatda 12 kundan iborat bo‘lib, bolalarga nafaqat dam olish, balki sog‘lom turmush tarzi va yangi ko‘nikmalarni egallash imkonini ham taqdim etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari