Davlatimiz rahbari raisligida “Bolalarning dam olishini tashkil etish va “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyati tog‘li va tog‘oldi hududlarida joylashgan jami 9 ta statsionar turdagi bolalar oromgohi joriy yilning 1 iyunidan o‘z faoliyatlarini boshladi.
Ushbu Yangi O‘zbekiston oromgohlarda joriy yilning yoz mavsumi 4 bosqichi davomida jami 5 ming nafarga yaqin jizzaxlik o‘quvchi-yoshlarning dam olishlari belgilangan.
Darhaqiqat, mamlakatimizda an’anaviy yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi start oldi. Bu yil ham so‘lim go‘shalarda joylashgan oromgohlar bolalar uchun eshiklarini ochdi. Viloyatdagi oromgohlarda bolalarning nafaqat maroqli dam olishi, balki jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga ham keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Jizzax viloyati boshqarmasi tasarrufidagi Sharof Rashidov tumanidagi 100 o‘ringa moslashgan Sharof Rashidov nomli, har biri 150 o‘rinli “Energy” hamda Zomin tumani Qo‘riq qishlog‘ida joylashgan “Yulduzcha” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida jami 2 ming nafarga yaqin o‘quvchilar dam olishi rejalashtirilgan.
Biz xizmat safari uyushtirgan “Energy” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ayni paytda 130 dan ortiq bola ta’til kunlarini maroqli o‘tkazayotgan ekan.
E’tiborlisi shundaki, barcha oromgohlar singari ushbu dam olish maskanida ham har bir kunga alohida nom berilib, mavzular tanlaganidir. Bolalarning qiziqishlariga mos ravishda futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari, shuningdek, kashtachilik, rassomlik, mediya, raqs va musiqa to‘garaklari tashkil qilingan. Kitobxon bolalar uchun esa boy kitob fondiga ega kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.Bu maskanda bolalar nafaqat dam olishadi, balki ularning jismoniy va ma’naviy jihatdan ham o‘sishlariga ham imkoniyat yaratilgan.
Oromgohda 8 nafar pedagog-tarbiyachi, yetakchi, sport va musiqa murabbiyi, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va milliy gvardiya xodimlari bolalarning ta’til kunlarini xavfsiz va mazmunli o‘tkazishlari uchun mas’uliyat bilan mehnat qilishmoqda.
[gallery-23911]
Bundan tashqari, 140 o‘rinli oshxonada bolalar uchun uch mahal issiq ovqat va ikki mahal yengil nonushta tayyorlanadi
– Bu yilgi yozgi dam olish mavsumini 1 iyundan boshladik, – deydi oromgoh bosh yetakchisi Diyorbek Tojiyev. – Mavsum davomida to‘rt smenada jami 500 nafardan ortiq bolani qabul qilishni rejalashtirganmiz. Bolalarning maroqli dam olishini ta’minlash maqsadida 12 kunlik dastur ishlab chiqilgan.
– Ushbu “Energy” oromgohida dam olish menga juda yoqdi. Kutubxonada qiziqarli kitoblar juda ko‘p ekan. Men shaxmat, musiqa va rassomlik to‘garaklarida qatnashyapman. Har kuni turlicha tanlovlar, sport musobaqari, filmlar namoyishi, tog‘ bag‘riga sayohatlar bo‘lib o‘tadi. Umuman zerikishimizga vaqt yo‘q. Eng quvonarlisi, bu yerda yangi do‘stlar orttirdim, – deydi dam oluvchi o‘quvchilardan biri Jasur Abdurahmonov.
– O‘quvchilarimizning yozgi tatilini mazmunli o‘tkazish maqsadida Departamint tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda 5 ta uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan, – deydi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Doston Zokirov. – Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda oliy ta’lim muassasalaridan saralab olingan tajribali pedagog va faol talabalari yozgi mavsumda oromgohlarda aynan ana shu uslubiy qo‘llanmalar bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, viloyatdagi mavjud 9 ta statsionar turdagi oromgohlarda bolajonlarning ko‘ngildagidek dam olib, hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar to‘laligicha yaratilgan.
A. Qayumov, J.Yorbekov (video+surat), O‘zA