Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oromgohda dam olish sarguzashtlarga boy bo‘lmoqda
15:46 / 2025-08-01

Ayni kunlarda yozgi ta’tilni ko‘pchilik bolajonlar so‘lim go‘shalardagi oromgohlarda maroqli dam olib o‘tkazmoqda. Bu yerda ularga bilim va salohiyatlarini yanada oshirishi uchun ham yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan.

Masalan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” oromgohi mavsum davomida nafaqat qashqadaryolik, balki qo‘shni viloyatlardan ham tashrif buyuruvchi minglab bolalarga o‘z bag‘rini ochadi. 

U yerda har navbatda ming nafar bolani dam oldirish imkoniyati yaratilgan. 14 kunlik dam olish kunlarining har bir kuni uchun alohida reja ishlab chiqilgan. Masalan, Yangi O‘zbekiston g‘oyasini targ‘ib qiluvchi rasmlar, she’r va qo‘shiqlar tanlovi ikkinchi kun, besh kurash bo‘yicha “Harbiylashtirilgan estafeta” sport musobaqalari uchinchi kun, “Milliy sport o‘yinlari” tanlovi to‘rtinchi kun va hokazo. 

[gallery-24576]

Shuningdek, chet tili to‘garaklari, intellektual o‘yinlar bolajonlarning bilim va salohiyatlarini yanada charxlanishiga xizmat qilmoqda. 

So‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan “Lochin” oromgohi ertaknamo ko‘rinishga ega. Oromgoh hududida joylashgan dunyoning yetti mo‘’jizasi maketlarini tomosha qilar ekansiz go‘yo o‘sha mamlakatlarga sayohat qilgandek bo‘lasiz. 

– O‘tayotgan har bir kun taassurotlarga boy o‘tmoqda, – deydi Qarshi tumanidan kelgan 13 yoshli Humoyun Qahramonov. – Boisi bu oromgohga ilk bor kelishim. Ayniqsa, menga “Zakovat” intellektual o‘yinlari juda yoqdi. Maktabda o‘zlashtirgan bilimlarimizni sinovdan o‘tkazyapmiz. Yangi do‘stlar orttiryapmiz. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari