Joriy yilning 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisida so‘zlagan nutqini tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida BMTning bosh qarorgohida Global suv konferensiyasi natijalariga to‘xtalib, Markaziy Osiyoning suv sohasidagi hayotiy muhim masalalari va muammolariga butun xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etishga erishilganini alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida ushbu tuzilma tashkil etilganidan buyon o‘tgan 30 yilda erishilgan natijalar, shu jumladan Jamg‘armaning o‘rni va ahamiyati atroflicha tahlil qilindi. Jamg‘arma Orol dengizi havzasida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarini hal etish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish, ayniqsa, suv va ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikning eng muhim platformasiga aylangani Prezidentimiz tomonidan alohida e’tirof etildi.
Hech kimga sir emas nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqamizda suv tanqisligi global iqlim o‘zgarishi oqibatida tobora dolzarblashib borayotir. Shu bois, suv va energetika resurslari – Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi omildir. Daryolar irmog‘ida joylashgan tog‘li mamlakatlar juda katta chuchuk suv zaxiralari va ulkan gidroenergetik salohiyatga ega bo‘lsa, daryolarning o‘rta va quyi oqimida joylashgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi mamlakatlar suv va sug‘oriladigan dehqonchilik bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq aholining hayotini ta’minlash borasida qo‘shnilarga bog‘lanib qolgani ham bor gap. Markaziy Osiyo davlatlari aholisining suvga bo‘lgan talabi asosan transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryo hisobiga qondiriladi. Kuzatishlarga qaraganda, 2025 yilga borib iqlim o‘zgarishi, global haroratning oshishi tufayli mazkur daryolarni suv bilan ta’minlayotgan muzliklar zaxirasining 15–20 foizga kamayishi mumkin. Tog‘ muzliklari hajmi yiliga 0,2–1 foiz atrofida kamayib borayotgani, tog‘ daryolari havzalarida qor zaxiralari tobora qisqarayotgani buning isbotidir. Iqlim o‘zgarishi tufayli mintaqamizda yoz fasliga xos davr cho‘ziladi.
Ushbu jihatlarga chuqur yondoshgan holda davlatimiz rahbari “global iqlim o‘zgarishlari oqibatida vujudga kelayotgan yangi xavf va tahdidlar sharoitida bunday mintaqaviy hamkorlikning o‘rni va ahamiyati yanada ortib borayotganini, shuningdek Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi” dedi. Shu bois, Prezidentimiz ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng o‘tkir muammolardan birini yechish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir.
Fikrimizcha, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ushbu global miqyosdagi eng murakkab muammolardan birini hal etishda tutgan o‘rnidan kelib chiqqan holda Prezidentimiz tomonidan Jamg‘armaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilmani tahlil qilish va Jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqishni taklif qilinishi uning faoliyatini sezilarli darajada jonlantiradi.
Ayniqsa, Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish bo‘yicha bildirilgan muhim fikrlar ham ushbu muammo yechimiga keng qamrovli yondashuvni talab etadi.
Bunda, mavjud vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi Dasturning ijrosi tashvishga soladigan holatda ekanini bildirib, mamlakatimiz rahbari Jamg‘arma boshqaruviga amaldagi Dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berish hamda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni taklif etdi.
Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olishi hamda raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlagan yana bir muhim g‘oya “mintaqamizda suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekani”dir. Bu borada, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazish taklif etilgani ham fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi.
Muammoning tizimli va uzoq muddatli ekanidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tomonidan “suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozimligiga, ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga alohida urg‘u berildi.
Keyingi yillarda ekotizimlar tanazzuli yanada kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib, Prezidentimiz hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Orolbo‘yidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Jumladan, so‘nggi bir necha yil davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar yaratilgan. Yaqin ikki yilda yana 400 ming gektar yashil hududlar barpo etish rejalashtirilgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo‘riqxonalar va davlat himoya hududlari yaratildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qo‘shtepa” kanali qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan kanal qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish, shuningdek, Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida bugungi sammitda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi Jamg‘arma doirasida xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muxtasar qilib aytganda, global xavfsizlikni ta’minlash juda serqirra va mashaqqatli jarayondir. Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatni tubdan o‘zgarib ketishi salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar esa muammoni chuqur o‘rganish hamda uni hamkorlikda bahamjihat hal etishga xizmat qiladi. Bu esa xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishda muhim omil sanaladi.
Oybek TURG‘UNOV,
yuridik fanlar doktori,
professor.
TURG‘UNOV Oybek Karimovich
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor.