MENING FIKRIM
Odam ato paydo bo‘lgandan beri tuxum tovuqdan chiqib, «yangilik onasining qorni»da paydo bo‘lib, manguliklar qarib-to‘zib, urug‘ barg chiqarib, nihol chiqarib, bog‘larga aylangan.
Bu tabiatning «aynimas» qonuni. Biz, ijod ahli so‘nggi paytlari eski bilan yangining arosatida yashayotgandekmiz, ota-bola muammolariga duch kelyapmiz. Nevaralar o‘spirinlik yoshidan o‘tib, jamiyatimizning ertangi qadamini belgilayotgan yoshga kelib qolgan paytda Vatanimizning taqdiri haqida fikr aytmoqchi edim.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlardan hokim yordamchilari institutiga asos solinmoqda. Buni aslida ota-bolalar o‘rtasidagi hayotiy jarayonga qiyoslash mumkin. Biz masalani tabiat va jamiyat qonuniyatlari asosida tushunmog‘imiz kerak. Menimcha, yoshlarning davlat ishlariga aralashuvi, ularning yaxshi niyatlar bilan jadal rivojlanish jarayoniga jalb etilayotgani quvonchli.
Biz umrimiz kurashda o‘tgan avlod sifatida o‘tmish bilan bugun, bugun bilan erta o‘rtasidagi ziddiyatlarga urg‘u beravermasdan, yoshlarga erk berdikmi, ularning intilishlariga madad bo‘lmog‘imiz lozim.
Gohida ota-bolaning mushohadasi «ikki dunyo» ekanligi va «ikki tilda gaplashib», bir-biriga tushunmayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Men sahro odami sifatida aytishim mumkinki, cho‘ponlikning otadan bolaga o‘tadigan zarang tayog‘i qo‘ylarning qadrini biladigan cho‘ponga o‘tsagina, qo‘ylar semirib, o‘tloqli yoylovlarni topib oladi, podaning bosh soni ortib, qo‘ylar o‘zidan ko‘payadi.
Qoraqalpoqda «Nelarni ko‘rmagan bobongman», degan eskidan qolgan to‘lgov bor.
Oktyabr revolyutsiyasi bo‘lmaganida o‘zing, millating, xalqing bilan yo‘q bo‘lib ketishing mumkin edi, degan qo‘rquv ostida o‘sgan odamlarning biri sifatida umrimizda ko‘rmagan, monokultura asosida dehqonchilik qildirib, oqin suvlarni to‘sib, Orolimizni quritgan odamlarni «ota» deya yashadik. Butun dunyo raqamlar revolyutsiyasini amalga oshirib, milliardlab odamlarni ish bilan ta’minlab, boriga rozi hayotni ta’minlayotgan bir paytda biz shuncha yer usti va osti boyliklariga ega bo‘laturib, o‘sha boyliklarni harakatga keltirib, o‘zimizni ish bilan ta’minlay olmayapmiz.
Dunyo donoliklarida «o‘tmishga salovot» degan tushuncha ham bor. Biz ezgu niyatlarni faqat tariximizdan yoki chetdan axtarib, o‘zimizga qulayini tanlashimiz shart emas. Shu nuqtai nazardan, millatchilik, mahalliychilikni rivojlantirishdan manfaatdor monopoliya, korrupsiya illatlariga qarshi barchamiz birlashib, kurashmog‘imiz darkor. Har joydan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishlarga chek qo‘yib, jamiyatni olg‘a boshlaydigan g‘oyalarga ergashgan ma’qul.
Biz kurashlardan iborat hayotdan charchagan va endi qarigan paytimizda tinch, nevara-chevaralarimiz bilan huzur-halovatga loyiq avlodmiz va shu maqsadda o‘zimizning issiq kursimizni yoshlarimizga ishonib topshirgan ma’qul va bunga imkon tug‘ilyapti. Bu hozirgi yoshlarga ishonch va ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur joylarda aql-nasihatlarimizni ayamaslik, lekin yoshlarimiz ham davlat va jamiyat yuklarini ko‘taradigan salohiyatga ega bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, ularning bilim saviyasi boshqalardan kam bo‘lmasligini ta’minlashimiz darkor. Yaqinda qoraqalpoq tilining «Usilikalik Alifbo»si chiqibdi. Bu kitob to‘g‘risida internetning qoraqalpoq segmentida shov-shuv bo‘layotir. Birov bu xatoning aybdori Nukus poligraf kombinatining talon-toroj etilgani, hatto bosma nashrlarning Urganch va Toshkentda chop etilayotganidan ko‘rsa, birov vazirlik va nashriyotlarga ag‘darmoqda. Prokuratura odatdagidek jim. Hukumat odamlari biri-biridan ayb topishga harakat qilyapti. Xullas, ommaviy mas’uliyatsizlik jarayoni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu muammolarni aql-farosat bilan hal etish mumkin.
O‘rozboy Abdurahmonov,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq
yozuvchisi