Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti talaba-yoshlari mas’ullar va professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda Orol dengizining qurigan tubida ekologik barqarorlikni tiklashga qaratilgan ekoaksiyada faol ishtirok etdi.
Tadbirda dengizning qurigan tubiga cho‘l iqlimiga chidamli saksovul va boshqa o‘simlik ko‘chatlari ekildi. Dengizning qurigan hududlarida yashil o‘simlik qoplamini yaratish, cho‘lga aylangan maydonlarni tiklash va atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish maqsad qilingan.

Tashabbus nafaqat hududning ekologik barqarorligini ta’minlash, balki, shamol orqali ko‘tariladigan tuz va chang bo‘ronlarini kamaytirish, tuproq unumdorligini tiklashga xizmat qiladi. “Yashil qoplama” yaratish orqali qurigan dengiz tubida yangi o‘simliklar ekilib, vaqt o‘tishi bilan tabiiy ekotizimni tiklash uchun zamin yaratiladi.
– Bunday o‘simliklar hududda qum ko‘chishining oldini olish, havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang miqdorini kamaytirish, shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Talabalar tabiatni asrash, atrof-muhitga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, aksiyada alohida faollik ko‘rsatdi, – deydi Tabiiy fanlar fakulteti dekani Qarjaubay Reymov.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida millionlab gektar maydonlarda saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekish ishlari olib borilmoqda. Bunday ishlar natijasida hududda “yashil qoplama”ni kengaytirish, qum va tuzlar ko‘tarilishining oldini olish, shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan muhim natijalarga erishilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bunday ekologik loyihalar kelgusida hudud iqlimini yumshatishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga ham katta hissa qo‘shadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.