Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi tashabbusi bilan Butunjahon turizm kuni munosabati bilan tadbir bӯlib ӯtdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari vakillari, turizm sohasida faoliyat yuritib kelayotgan qator tashkilot vakillari, xususan, turistik korxonalar, teatr va muzeylar, milliy an’anaviy hunarmandlar, tajribali gid va ekskursovodlar, etnograf va arxeologlar, baxshi va jirovlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talabalari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm sohasining rivojlanishi, tashkilot va muassasalarning o‘zaro hamkorligi, kelgusida amalga oshiriladigan rejalari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
[gallery-4068]
Ta’kidlanganidek, Butunjahon turizm kunining maqsadi – turizmni targ‘ib qilish, sohaning dunyo iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasini yoritish, turli davlatlar xalqlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Mazkur bayramda dunyoning ko‘pchilik davlatlarida turli tadbirlar va festivallar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur sanaga 1980 yildan buyon har yili o‘zgacha shior berib boriladi. O‘tgan yildagi inklyuziv shior “Qishloq va ekologik turizm” bo‘lgan bo‘lsa, bu yilgisi “Turizm inklyuziv o‘sishni ta’minlash uchun” shiori ostida dunyo mamlakatlarida keng nishonlanmoqda.
bugungi kunda yurtimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar asosida tadbirkorlik sub’ektlariga qator imtiyozlar berilmoqda. Xususan, foyda, yer va mol-mulk solig‘i, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etish, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish, kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularni joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash belgilangan. Shuningdek, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish, ular tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash shular qatoriga kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan imtiyozlar natijasida 17 ta tadbirkorlik sub’ektiga jami 590 million so‘mlik foizsiz ssudalar, shuningdek, 1 ta turoperatorga 10,0 million so‘m miqdorida grant ajratildi. Bundan tashqari joylashtirish vositalari 2 yil muddatga turistik yig‘imlardan ozod etildi.
Tadbir doirasida qator turistik ob’ektlarga sayohatlar va fleshmob aksiyalari tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA