“DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasida “QR Gastronomic Quality: Qoraqalpog‘istonning jozibadorligini oshirish uchun turizm xizmatlarining gastronomik sifatini baholash va yaxshilash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘istondagi restoran va kafelar rahbarlari, sayyohlik agentliklari vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda loyihani amalga oshirishning asosiy masalalari muhokama qilinib, sayyohlik xizmati sifatini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni yanada rivojlantirishga karatilgan bo‘lib, xizmatlar sifatini baholash va monitoring qilishning raqamli hamda an’anaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish, turizm bozori ishtirokchilari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish, xududni jozibador turistik destinatsiyaga aylantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi maqsadlarni nazarda tutadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Qoraqalpog‘istonda turizm xizmatlari sifatini baholash va monitoring qilishning yagona tizimini yaratish, xizmat sifati va mijozlarning qoniqishini oshirish maqsadida sayyohlarning fikr-mulohazalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’tibolrga olish uchun mobil ilova va onlayn platformani ishlab chiqish vazifalari belgilandi.
[gallery-25743]
Shuningdek, QR-kodlar yordamida turistik ob’ektlarda xizmatlar sifatini tezkor baholashni joriy etish, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish va sohaning eng yaxshi ishtirokchilarini rag‘batlantirishga qaratilgan "QR Gastronomic Quality" tanlovini tashkil etish, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda turizm sub’ektlari uchun kompleks treninglar va stajirovkalar o‘tkazish ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida Qoraqalpog‘istonning gastronomik salohiyatini o‘rganish va mustahkamlash bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA