Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yining g‘alla xirmoni
11:53 / 2024-07-06

Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning hosili uchun dehqon, fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tomonidan 53 ming gektar g‘alla maydonida o‘rim-yig‘im ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 11 iyundagi “2024 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fermer xo‘jaliklari hamda boshqa bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan jami 106 ming 800 tonna don yig‘ib olish belgilangan.  

– Bugungi kunda 35 ming 500 gektardan ziyod maydonda o‘rim-yig‘im ishlari olib borilib, ushbu maydonlardan o‘rtacha 72,7 sentner hisobidan 258 ming tonna don yetishtirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Akbar Koziyev. – Hududiy don korxonalari hamda g‘alla klasterlari tomonidan jami 109 ming 279 tonna yetishtirilgan don qabul qilindi va reja 102,3 foizga bajarildi.

Mavsumda 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi 90-100 sentnerdan yuqori xirmon yaratishga erishdi. Jumladan To‘rtko‘l tumanidagi “Chorvador”, “Shamshod Shuraxon”, Beruniy tumanidagi “Sarkopli Bahodir”, “Ramatulla chamon”, Ellikqal’a tumanidagi “Saxtiyon Azamati”, “Saribiy tolchi”, Amudaryo tumanidagi “Xidirov Nurilla”, “Xaytimbetov Sulton”, Xo‘jayli tumanidagi “Shukirillayeva Tolg‘anoy”, Shumanay tumanidagi “Kamil Yusupov”, Chimboy tumanidagi “Bog‘davlat chimboyli”, Qorao‘zak tumanidagi “Kamal Mamut”, Taxtako‘pir tumanidagi “Tayimbet”, Mo‘ynoq tumanidan “Sevinch Sarvarbek”, Nukus tumanidan “Seyit” va boshqa fermer xo‘jaliklari ulkan xirmon yaratdi.

Bugungi kunda 17 ming gektar maydonda o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda. Ushbu maydonlardan 60 ming tonnaga yaqin don yetishtirish, shuningdek, joriy yilda 300 ming tonnadan ziyod g‘alla xirmoni yaratish rejalashtirilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.