Joriy yilning 2 oktyabridan 31 oktyabrigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Salomatlik marafoni” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida mazkur marafonning boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar ta’kidlanganlaridek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz genetik omillarga, 9 foiz sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq. Hozirga kelib mamlakatimiz aholisining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor. Bunga albatta COVID-19 pandemiyasi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Shundan kelib chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bu jarayonda kasalliklarning oldini olish va erta aniqlashga qaratilgan ommaviy tadbirlar katta samara beryapti. Ayniqsa, mazkur aksiyalar orqali mamlakatimizning chekka va olis hududlari qamrab olinayotgani tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
“Salomatlik marafoni” davomida aholi keng qatlamini profilaktik ko‘rik va skrining tekshiruvlariga jalb etish, ularning o‘z salomatligiga mas’ulligini oshirish hamda kasalliklar profilaktikasiga doir tushunchalarini boyitish belgilangan. Tadbir Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida o‘tkaziladi. Marafonda 800 nafardan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, oilaviy shifokor va patronaj hamshiralari, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning filiallarining yetakchi mutaxassislari hamda chet ellik shifokorlar ishtirok etishi kutilyapti.
Nukus shahrida 3 ta tanlab olingan jamoat joyida “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilinadi. Bu yerda sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik bo‘yicha 35 mingta tarqatma materiallar tarqatiladi. Bundan tashqari, ushbu manzillarda antropometriya, qon bosimi va puls o‘lchash kabi kichik protseduralar amalga oshiriladi. Marafon 2 bosqichda, haftaning barcha kunlarida, soat 08.00.dan 17.00.ga qadar o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinikaning patronaj hamshiralari reja asosida aholini profilaktik ko‘riklarga taklif etadi. Aholi ommaviy skrining tekshiruvlari va profilaktik ko‘riklardan o‘tkaziladi hamda surunkali kasalligi bor bemorlar respublikaning yetakchi mutaxassislari ko‘rigi hamda yuqori texnologik tekshiruvlar uchun saralanadi. Zaruratga ko‘ra, murojaatchilar 18 turdagi laborator va 29 turdagi instrumental tekshiruv va tor soha mutaxassislariga yo‘llanadi.
[gallery-25582]
Ikkinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida mobil va statsionar uskunalar yordamida instrumental tekshiruvlar, selektiv skrining hamda surunkali kasalligi bor aholi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning hududiy filiallari yetakchi mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar, ko‘rsatma asosida qo‘shimcha tekshiruvlar amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan tibbiy ko‘rik natijadorligi quyidagi 8 ta mezon bo‘yicha baholanadi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, aholi 3 guruhga ajratiladi. Amaliy sog‘lom deb topilganlarga sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha tavsiyalar beriladi, xavf guruhiga mansub aholi uchun individual reja asosida zararli odatlardan xalos bo‘lish va kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha maslahat beriladi. Kasalligi aniqlanganlar ambulator va statsionar (kunduzgi statsionar, shahar va respublika shifoxonalarida) davolanishga yuboriladi.
Marafon asosida Nukus shahrining 96,7 ming nafar aholisini 7 turdagi skrining tekshiruvi va profilaktik ko‘rik bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun mobil mammograflar, flyuorograflar, angiograf, UZI-apparatlari va oftalmologik jamlanmalar jalb etiladi. Klinik va bioximik laborator tekshiruvlar o‘tkaziladi.
O‘z navbatida, tekshiruv natijalari yagona elektron baza — DMED axborot tizimga kiritilib, kelgusida bemorlarning salomatligi doimiy monitoring qilib boriladi.
To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi aholining jismoniy va ruhiy farovonligini ta’minlaydi. Pirovardida kasallanish holatlari kamayib, umr ko‘rish davomiyligi oshadi, fuqarolarning hayot sifati yanada yaxshilanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilish sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. To‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik yurak-qon tomir kasalliklari, diabet va semirish xavfini kamaytiradi.
Mazkur marafon birinchi navbatda, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ularda o‘z salomatligi haqida qayg‘urish ko‘nikmalarini mustahkamlash va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA