Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yida Raqamli “yashil” tashabbuslar haftaligi doirasidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda
16:09 / 2025-05-17

Nukusda Global yoshlar festivali 2025: Raqamli “yashil” tashabbuslar haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi, dunyo yoshlarini O‘zbekistonda birlashtirish, ular o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha erkin muloqot maydonini yaratish hisoblanadi. Shu bilan birga, mintaqaviy mavjud ijtimoiy muammolarni birgalikda muhokama qilish va ularga yechim topish orqali O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydonda imidjini mustahkamlash, “O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” g‘oyasini ilgari surishdan iborat.  

[gallery-23410]

 Mamlakatimizda joriy yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi hamda 15 may – Xalqaro iqlim kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda dunyoning 11 ta davlatidan yoshlarga oid davlat siyosatiga mas’ul davlat organlari va jamoat tashkilotlari rasmiy delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar, kreativ iqtisodiyot vakillari, shuningdek, yosh tadqiqotchilar, olimlar, ijodkorlar, ekofaollar, xalqaro darajadagi ekspertlar faol yoshlar ishtirok  etmoqda. BMT va uning O‘zbekistondagi agentliklari UNICEF, UNDP, UNODC, UNFPA, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘armasi, Qo‘shilmaslik harakati, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va “Green” universiteti tadbirning xorijiy hamkorlari hisoblanadi.

 Dastlab “Oq qush” majmuasida “Yoshlar va Orol dengizini saqlash: ekologik loyihalar va raqamli tashabbuslar” mavzusida plenar majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni tadbirning ochilishi bilan qutladi va davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yi hududidagi ekologik muammalar, ularga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish hamda bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, xalqaro maydonda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati sohasidagi islohotlarni jahon hamjamiyatiga integratsiya qilish tizimi yaratildi. Xususan, 2024 yilning 25-30 iyun kunlari ilk marotaba mamlakatimizning 5 ta viloyatida Global yoshlar festivali o‘tkazildi. Uning doirasida 15 ta xalqaro tadbir, 40 dan ortiq ikki va ko‘p tomonlama uchrashuv, tanlov va musobaqalar tashkil etilib, tadbirlarga 92 ta davlatdan 700 nafardan ortiq mehmon hamda 1 million nafarga yaqin yosh jalb etildi.

 2024 yil 12 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 15 may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivalini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, ushbu konferensiya doirasida 12 noyabr kuni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasida “2024 – 2030 yillarda barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiya” imzolandi.

 Ochilish marosimidan so‘ng, Raqamli “yashil” tashabbuslar mavzusiga bag‘ishlangan yoshlar sessiyasi va nufuzli spikerlar ishtirokida yoshlar bilan muloqot, Xalqaro eko-volontyorlar forumi, O‘zbekiston-Ozarbayjon yosh eko - influyenserlar uchrashuvi, Markaziy Osiyo yoshlari o‘rtasida “Green Spark” startaplar hamda “Yoshlar va iqlim”tanlovlari o‘tkazilib, raqamli eko-ko‘rgazmalar tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari Nukus shahridagi Yoshlar markaziga, Yoshlar texnoparkiga, IT-parkka, jahonga mashhur I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif buyurdi.

–Dunyoning bir qator mamlakatlaridan eng kuchli yosh ekologlar bilan startapchilar ishtirok etayotgan nufuzli anjumanda qatnashayotganimdan xursandman, –deydi ozarbayjonlik Saida Mamedova. –Biz nafaqat do‘stlar orttirdik, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi global muammolarni birgalikda bartaraf etish yuzasidan yangi loyihalarni amalga oshiramiz, degan umiddamiz. Albatta, yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startaplar kelajakka o‘zining ijobiy samarasini beradi.

 Global yoshlar festivali 2025: Raqamli “yashil” tashabbuslar haftaligi doirasidagi tadbirlar Mo‘ynoq tumanida davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA