O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2025 yil 29 sentyabrdagi 3-sonli buyrug‘iga asosan joriy yilning 21-23 oktyabr kunlari “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududiy quyi tizimlari boshqaruv organlari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuch-vositalarining fuqarolar va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishdagi harakatlari” mavzusida qo‘shma qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Ertalabki soat 07:00 da “O‘zbektelekom” AK shimoliy filiali tomonidan berilgan “Yig‘in” signali bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqaruv organlari rahbarlari va kuch-vositalari o‘quv-mashg‘ulot boshqaruv punktiga yig‘ilishdi.
Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar har birimizdan yuksak tayyorgarlik va mas’uliyatni talab etmoqda. O‘quv-mashg‘ulotining mazmuni va o‘tkaziladigan amaliy tadbirlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqaruv organlari rahbarlariga “Kuchaytirilgan” davrga o‘tish bo‘yicha vazifalar belgilanib, har bir xizmat tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan hujjatlariga aniqliklar kiritmoqda.
Shu bilan bir qatorda o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etadigan “Mexanizatsiyalashgan yig‘ma otryad” kuch-vositalarining tayyorgarligi bo‘yicha saf ko‘rigi o‘tkazildi.
Aholi va ularning mol-mulklarini evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan hujjatlarga aniqlik kiritildi.
Iqtisodiy va ishlab chiqarish ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rildi.
O‘quv-mashg‘uloti davrida tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlar, xususan suv toshqini yuz berganda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv va tez yordam xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda evakuatsiya ishlarini samarali tashkil etish ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash nazarda tutilgan.
Jumladan, Nukus shahri “Janabazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Nukus shahar savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati avtoturargohida Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqaruv organlari, Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalari xizmatlarining rahbarlari bilan tezkor yig‘ilishi, hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi boshqaruv shtabining faoliyatini o‘rganish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mexanizatsiyalashtirilgan ishlar yig‘ma komandasi, Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalari xizmatlari kuch va vositalarining moddiy-resurs zaxiralari bilan birgalikdagi saf ko‘rigi, turli darajada jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish otryadining jabrlangan fuqarolarga ko‘mak berish bo‘yicha maxsus taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Shuningdek Beruniy tumani "Shabboz" ovul fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi “Amudaryo” daryosida suv sathining me’yordan ko‘tarilishi natijasida himoya dambalarining yemirilgan qirg‘oqlarini mustahkamlash, suv toshqini oqibatida aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish, Beruniy tumanidan Xorazm viloyatiga o‘tuvchi avtomobil yo‘li ko‘prigida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasini bartaraf etish va qutqaruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalarining tuman bo‘g‘ini xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari, “Qoraqalpog‘iston magistral elektr tarmoqlari” filiali tasarrufidagi Beruniy podstansiyasida “Avariyaviy o‘chirish natijasida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha ob’ekt qutqaruv tuzilmasining harakatlari” mavzusida maxsus taktik o‘quv mashqlari olib borildi.
Suv toshqini oqibatida aholi hayotini saqlab qolish maqsadida aholini ochiq va xavfsiz hudud hisoblangan Xorazm viloyati Urganch tumaniga (fuqarolarni yig‘ish punkti), “Golden Mil Qiyat” mas’uliyati cheklangan jamiyati ob’ektida favqulodda vaziyatlarda don mahsulotlarini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish choralari ko‘rildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Qo‘shma qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA