Nukusda “O‘zbekiston kasaba uyushmalari — 120 yil xalq bilan” shiori ostida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda respublika rahbarlari, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy barqarorlik va inson qadrini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berishdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari faoliyati ishonchli va xalqchil tizimga aylanmoqda. Bu borada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan ham ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. O‘tgan besh yil ichida Davlat dasturi doirasida korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida samarali ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, jamoa shartnomalari asosida kam ta’minlangan oilalar, ishlovchi pensionerlar, nogironligi bor shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarga, jami 69 ming 441 nafar xodimga 25 milliard 665 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi.
Hisobot davrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashiga yuridik va jismoniy shaxslardan jami 2 ming 648 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 1 ming 523 tasi yozma, 948 tasi og‘zaki, 84 tasi elektron va 93 tasi ishonch telefoni orqali qabul qilindi. Ulardan 766 ta murojaat kasaba uyushmalari takliflari va sudlarda ko‘rib chiqilishi natijasida to‘liq qanoatlantirildi. Shu bilan birga, 1 ming 762 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga mehnat huquqlari haqida tushuntirish berildi, 63 ta murojaat esa tegishli vakolatli organlarga yuborildi. Bu jarayonlar natijasida murojaatchilar foydasiga jami 6 milliard 460 million 856 ming ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kompensatsiyalar va ma’naviy zararlar undirib berildi.
[gallery-26110]
Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 57 ming 15 nafar xodim va ularning oila a’zolarining sayohati tashkil etildi. Shundan, 34 ming 575 nafari Qoraqalpog‘iston hududidagi diqqatga sazovor joylarga, 22 ming 440 nafari esa mamlakatimizning tarixiy shaharlariga tashrif buyurdi.
Qoraqalpog‘istonda kasaba uyushmalari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportni ommalashtirish sohasida ham katta ishlar qilindi. O‘tgan yillar davomida turli bosqichlarda 2 ming 160 ta sport musobaqasi tashkil etildi va ularda 205 ming 916 nafar ishchi ishtirok etdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlab 460 ming 341 nafardan ziyod ishchi – xodim va kasaba uyushmalari faollari ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazildi. Shu bilan birga, sanatoriylarda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi yo‘llanmalari hisobidan 5 ming 995 nafar ishchi sog‘lomlashtirildi, shundan 1 ming 103 nafar ishchi-xodimga bepul yo‘llanma berildi. Qolaversa, kasaba uyushmalari mablag‘i hisobidan 6 ming 914 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari o‘z sog‘liklarini tiklashga muvaffaq bo‘lishdi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar va 2020 yil 8 oktyabrdagi 73-sonli majlis bayonnomasining 103-bandiga muvofiq, Bo‘zatov tumanida zamonaviy sanatoriy qurish vazifasi belgilangan edi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi rahbarlari tomonidan 2023 yil 10 mart kuni sanatoriyning tamal toshi qo‘yildi va joriy yilning 17 oktyabrida zamonaviy sharoitlarga ega 200 o‘rinli yangi sanatoriy foydalanishga topshirildi. Bu xalqimiz uchun katta tuhfa bo‘ldi.
Bolalarning yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Respublikamizdagi 11 ta statsionar turdagi oromgohlarida 37 ming 421 nafar bola dam oldi. Shundan, 14 ming 459 nafari Oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oilalar farzandlaridir. Shuningdek, 69 ta madaniyat va sport maydonchalarida 83 ming 753 nafar bola sog‘lomlashtirildi. “Ayollar daftari” tizimi doirasida 6 bosqichda jami 250 ming 831 nafar ayol-qizga yordam ko‘rsatildi.
Tadbir yakunida mehnat fidoyilari va sohadagi faollar ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Ular yurt ravnaqi, xalq farovonligi va mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilishdagi fidokorona xizmatlari uchun e’tirof etildi.
— Bugun kasaba uyushmalari faqatgina tashkilot emas — balki xalq tayanchi, mehnatkashning suyanchi, inson qadrini ulug‘lovchi kuchga aylangan harakatdir. 120 yillik yo‘l — bu mehnat, birdamlik va xalq bilan yelkadoshlik yo‘lidir.
Yangi O‘zbekistonda kasaba uyushmalari ana shu ezgu an’anani davom ettirib, xalq farovonligi va yurt taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilishni davom ettirmoqda, — deydi tadbir ishtirokchisi, “Ardoqli nuroniy” ko‘krak nishoni sohibi Quo‘atbay Qadirimbetov.
Tantanali tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ham ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA