French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yida kasaba uyushmalari kuni bayrami nishonlandi
17:28 / 2022-11-07

Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi ostida tashkil etilgan tadbirda mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi, senator U.Jalmenov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 23 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. O‘nga ko‘ra, 11 noyabr – mamlakatimizda kasaba uyushmalari kuni deb belgilandi.

Darhaqiqat so‘nggi yillarda jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Ular tomonidan ishchi-xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat va dam olish sharoiti yaratish, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar va ularning farzandlarini, keksalarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunining belgilanishi, eng avvalo, kasaba uyushmalari tashkilotlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning yanada samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, tashkilot fidoyi xodimlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

[gallery-9464]

Tadbirda bir guruh soha faxriylari bilan faollari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan ko‘krak nishonlari hamda Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Joylarda “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini ta’minlash hamda ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limining “Miӊjarg‘an” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi Ulbosin Mambetyarova “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovida ikkinchi o‘rinni egallab, Prezident sovg‘asi “Kobalt” avtomashinasi bilan, Beruniy tumani “Qыzыlqala” ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nargiza Nurimbetova “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” tanlovida birinchi o‘rinni egallab, “Jentra” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi mahalla raisi” tanlovida Chimboy tumanidagi Berdaq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Fatima Palvanova, “Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovida Qonliko‘l tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Farxat Urumbayev, “Eng namunali ish beruvchi ayol” tanlovida Qoraqalpog‘iston Respublikasi nogironlar jamiyatiga qarashli "BERNINA NUKUS" sho‘’ba korxonasi direktori Parshagul Dauletiyarova, “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovida “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Jamila Ametova g‘olib bo‘ldi. Ularning har biriga 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

–Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yoshlar yetakchilarining tashkiliy-huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida yoshlar muammolari bevosita mahallalarda hal etilmoqda, – deydi “Miӊjarg‘an” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi Ulbosin Mambetyarova. – Mamlakatimizdagi to‘qqiz mingdan ortiq mahallalardagi Yoshlar yetakchilari orasidan mening mehnatimni munosib baholagani uchun ko‘rik-tanlov tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman. Bu nafaqat mening, balki barcha qoraqalpoq yoshlarining yutug‘i deb hisoblayman.

Tantanali tadbir san’atkorlar ijrosida bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA