Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, amaliy tibbiyotni ilmiy tamoyillar asosida takomillashtirish orqali samarali tibbiy yordam ko‘rsatish, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan Orolbo‘yida ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etish belgilangan edi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur akademiya qurilishi bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etib, mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy ilmiy-amaliy markazini tashkil etishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, mazkur akademiya Orolbo‘yi mintaqasida barcha tibbiyot muassasalari hamda tibbiyot oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun kelishuv asosida amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradigan o‘quv-simulyatsion baza sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ularning kasbiy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini muntazam ravishda rivojlantirish uchun qo‘shimcha o‘quv-simulyatsion uskunalar bilan jihozlanadi.
Yangi ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi nafaqat yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, balki aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishda, hududda tibbiyot infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yosh mutaxassislar uchun keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri