“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatida Orolbo‘yi aholisini ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, aholini ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yil mobaynida bir qancha amaliy ishlar olib borildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida qamrov darajasini oshirish va shu orqali aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Shuning natijasida bugungi kunda Orolbo‘yi aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,2 foizni, oqova suv xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi 5,4 foizni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda hududda ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining ishtirokida umumiy qiymati 223 million AQSH dollari miqdorida 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Nukus tumanining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot bankining 11,4 million AQSH dollar mablag‘i hisobidan qurilish ishlari olib borildi. Loyiha doirasida 263 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi orqali 31 ming nafardan ziyod aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga erishildi.
Shuningdek, “Madaniyat”, “Obodon”, “Kerder” nasos stansiyalari qurilishi hamda tuman suv ta’minoti korxonasining ikki qavatli yangi binosi, barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya qurib bitkazildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 4 ming nafardan ortiq fuqaro ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shuning hisobidan tuman aholisiga ichimlik suvi yetkazib berish darajasi avvalgi 68,4 foizdan 90 foizga yetkazildi.
Bundan tashqari, grant mablag‘lari asosida olis qishloqlarda yashovchi aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida 131 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i asosida Kegeyli tumani "Obod" ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi suv chuchuklashtirish stansiyasida rekonstruksiya ishlari olib borildi. Loyiha doirasida suv stansiyasi yangilanib, uning quvvati 12 kub metrni tashkil etdi.
Bugungi kunda yangi suvni chuchuklashtirish stansiyasi foydalanishga topshirildi va shu orqali hududdagi 250 ta xonadon, 1 ming 250 nafar aholining toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlanishiga erishildi.
Qorao‘zak tumanidagi “Qo‘yboq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida bugungi kunda 236 xonadonda 1 ming 50 nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. "O‘zsuvta’minot" aksiyadorlik jamiyati mablag‘i hisobidan ushbu hududga ichimlik suvi yetkazib berishni yanada yaxshilash maqsadida 660 million so‘m ajratildi.
Shuning hisobidan “Guzbergen” qishlog‘iga quvvati 1 m3/soat, “Dagar” qishlog‘iga 0,5 m3/soat va “Xo‘ja” qishlog‘iga 0,5 m3/soatdan bo‘lgan 3 dona yangi suv chuchuklashtiruvchi uskunani qurish ishlari amalga oshirildi. Natijada hududdagi 114 ta xonadondagi 503 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbarining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qorao‘zak, Beruniy, Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarida suv taqsimlash inshootlari va suv tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 9 ta qurilish paketidan 2 ta paket bo‘yicha qurilish ishlari yakunlangan, 6 ta paket bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Qo‘ng‘irot tumanida suv ta’minotini yaxshilash loyihasi doirasida 4 ta suv taqsimlash inshooti, 246,1 km suv tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
“Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootining ikkinchi ko‘tarma nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish ishlari “Obi hayot injiniring” MCHJ (O‘zbekiston) tomonidan olib borildi. Shuningdek, “Taxiatosh” suv tozalash inshootida demontaj ishlari olib borilmoqda.
[gallery-26899]
“Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlari markazlarida oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 2 ta umumiy quvvati 45200 m3/sutka oqova suv tozalash inshootini, 24 ta oqova suv nasos stansiyasini qurish, 13 ta oqova suv nasos stansiyasi hamda 286 kilometrlik oqova suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish belgilangan.
Tadbirda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida kelgusi yilga rejalashtirilgan loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari