Qoraqalpog‘iston Respublikasida fitosanitariya xavfsizligini ta’minlash, zararli organizmlar tarqalishining oldini olish, eksportbop mahsulotlar sifatini nazorat qilish hamda agrar sohada raqamlashtirish jarayonlarini joriy etish bo‘yicha O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan o‘tgan yilda keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirildi.
– Yil davomida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida 5 marotaba “Dolzarb kunlik” tadbiri e’lon qilinib, jami 1 million gektardan ortiq maydonda, shu jumladan fermer xo‘jaliklariga tegishli qariyb 920 ming gektar yerda davlat inspektorlari tomonidan dala monitoringi o‘tkazildi. –deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig‘i Rinat Sherbayev.
– Bog‘-tokzorlar, sabzavot, g‘alla va g‘o‘za maydonlarida zararli hasharotlar, kasalliklar va begona o‘tlarga qarshi uyg‘unlashgan kurash (IPM) tizimini qo‘llash bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda fermerlar, dehqonlar va ta’lim muassasalari tinglovchilariga IPM usullari bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berilib, targ‘ibot materiallari tarqatildi. Yer egalariga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 172 nafar xodim mahallalarga biriktirilib, “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali 51 turdagi ekin uchun uyg‘unlashgan kurash bo‘yicha tavsiyalardan foydalanish targ‘iboti olib borildi.
Hududda biologik himoya usullarini keng joriy etish va xususiy sektor faolligini oshirish maqsadida 64 ta biolaboratoriya va 41 ta o‘simlik klinikasi faoliyatiga amaliy ko‘mak berildi.

Biolaboratoriyalarda yetishtirilgan foydali entomofaglar 1,2 million gektardan ortiq maydonda tarqatildi. Shuningdek, biolaboratoriyalarga moliyaviy yordam beruvchi, xonadonlarda mavsumiy shoxobchalar va aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatuvchi otryadlar tashkil etilishiga ko‘maklashildi.
Fitosanitariya hujjatlarini raqamlashtirish yo‘nalishida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Minglab xalqaro va ichki fitosanitariya sertifikatlari, karantin ko‘rigi va zararsizlantirish dalolatnomalari elektron tarzda rasmiylashtirildi. Import qilingan mahsulotlar karantin ruxsatnomalari asosida qat’iy nazorat qilindi.
Eksport va import nazorati alohida e’tiborda bo‘lib, eksport qilinayotgan mahsulotlar namunalari ekspertizadan o‘tkazilganida karantin ob’ektlari aniqlanmadi. Zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari katta hajmda amalga oshirildi (296,955 ming m.kub va 631,980 ming m.kv) va import mahsulotlarda qaytarish yoki yo‘q qilish holatlari kuzatilmadi.
Zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlari ham keng ko‘lamda olib borilib, 76,72 ming gektar maydonda kimyoviy ishlov amalga oshirildi. Bu orqali ekin maydonlari zararlanishining oldi olindi.
Eksport salohiyatini oshirish maqsadida bir qator korxonalarni Xitoy reyestriga kiritish choralari ko‘rilib, mahsulotlarni Xitoy bozoriga eksport qilish imkoniyatlari yaratildi. Mahsulot yetishtiruvchilar, tayyorlovchilar va eksportchilar ishtirokida qishloq xo‘jaligi kooperativlari tashkil etildi hamda ular “Edukarantin.uz” platformasi orqali o‘qitildi.

Sug‘oriladigan yerlarda tuproq tahlillari o‘tkazilib, agrokimyoviy elektron xaritanomalar ishlab chiqildi. Shuningdek, “Agroko‘makchi” va yangi “Dala nazorati” elektron tizimlari orqali zararli organizmlarni oldindan aniqlash va fermerlarga tezkor axborot berish mexanizmi joriy etildi.
Ko‘rgazmali seminarlar, daraxt ekish tadbirlari, mahallalarga xodimlarni biriktirish va tadbirkorlar bilan hamkorlik ishlari ham tizimli ravishda tashkil etildi. “E-Fitouz” axborot tizimining “Geoaxborot” tizimi bilan integratsiyasi amalga oshirildi. Shu bilan birga, litsenziyalash jarayonlari tartibga solinib, mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
Fitosanitariya laboratoriyalarida 10 ming 257ta namuna tekshirilib, zararli organizmlar aniqlangan holatlarda tegishli xulosalar berildi.
Umuman olganda, amalga oshirilgan mazkur chora-tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida fitosanitariya barqarorligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararli organizmlardan himoya qilish, eksportbop mahsulotlar sifatini kafolatlash va agrar sohada zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilgi rejalar sifatida IPM tizimini yanada ommalashtirish, biologik himoya vositalarini qo‘llash hududini kengaytirish, “Dala nazorati” va “Agroko‘makchi” tizimlarini yangi funksiyalar bilan boyitish rejalashtirilgan. Shuningdek, eksportbop mahsulotlar yetishtirish zanjirida fitosanitariya nazoratini kuchaytirish, laboratoriya imkoniyatlarini modernizatsiya qilish hamda inspektorlarning malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Jumladan, joriy yilda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida fitosanitariya nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida “Dolzarb kunlik” tadbirlari doirasida 1 million gektardan ortiq maydonda tizimli dala monitoringini o‘tkazish, IPM tizimini qo‘llash bo‘yicha seminarlar qamrovini kengaytirish hamda mahallalarga biriktirilgan xodimlar orqali yer egalariga joyida amaliy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, “Agroko‘makchi” mobil ilovasidan foydalanishni ommalashtirish orqali 50 dan ortiq ekin turi bo‘yicha uyg‘unlashgan kurash tavsiyalarini fermer va dehqonlarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, biologik himoya usullarini kengaytirish maqsadida biolaboratoriyalar tomonidan yetishtiriladigan entomofaglar hajmini oshirish, ularni 1,2 million gektardan ziyod maydonda qo‘llash, mavsumiy shoxobchalar va aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatuvchi otryadlar faoliyatini kengaytirish rejaga kiritilgan.
Xususiy sektorda o‘simlik klinikalari va biolaboratoriyalar sonini ko‘paytirish orqali zararli organizmlarga qarshi biologik kurash samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, fitosanitariya nazoratini raqamlashtirish ishlarini mukammallashtirish, “Dala nazorati” elektron tizimi orqali zararkunanda va kasalliklarni oldindan aniqlash amaliyotini takomillashtirish, agrokimyoviy elektron kartogrammalar qamrovini kengaytirish hamda eksportbop mahsulotlar sifatini ta’minlash maqsadida korxonalarni xalqaro reyestrlarga kiritish ishlarini davom ettirish belgilangan.
Fitosanitariya laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri