Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning hayoti bilan tanishish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shahar va tumanlarda, ayniqsa chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning hayot farovonligini ta’minlash maqsadida Orolbo‘yida “Mehr harakati” doirasida xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bunda asosiy e’tibor qulay sharoitga ega bo‘lmagan turar-joylarda yashab, qish kunlari o‘tin, ko‘mirga, davolanishga, dori-darmon, farzandlariga kiyim olib berishga mablag‘i yo‘q, hattoki, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki fuqarolik pasportini olishga imkoni bo‘lmagan oilalar, xonadonlarga, bundan tashqari, ijarada vaqtincha kun ko‘rayotgan uy-joysiz, boshpanasiz insonlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunday og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turmushini yaxshilash maqsadida barcha tuman markazlari va ovullarda sharoiti og‘ir, yashash darajasi oddiy talablarga ham javob bermaydigan sharoitda yashayotgan oilalar o‘rganib chiqildi. Xatlovdan o‘tkazilgan fuqarolarning uy-joylarini borib ko‘rish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, uylarini ta’mirlab berish borasidagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida vazirlik, boshqarma, muassasa va tashkilotlar rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi va tumanlarga biriktirildi.
Xayriya tadbiri doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev tegishli idoralarning mas’ullari bilan birgalikda Qorao‘zak tumanining chekka ovul va mahallalarda yashayotgan sharoiti og‘ir, yordamga muhtoj oilalar hayoti bilan chuqurroq tanishdi. Ularning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha dastlabki vazifalar belgilanib, yordamlar ko‘rsatildi.

Jumladan chekka hududlardan biri bo‘lgan tumandagi “Quralpa” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi ijtimoiy yordamga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning uylarini borib ko‘rdi. Aholi bilan suhbatlashib, ularning muammolarini tingladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga maishiy buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa bir qator sovg‘alar topshirilib, ko‘mir yetkazib berildi. Ushbu hududdagi 2-sektor rahbari homiyligida qurib bitkazilgan 6 ta turar joy egalari bilan suhbatlashdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fm-YGi84aQQ" title="Orolbo‘yida ezgu tashabbus" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tuman hokimligi hamda “Qoraqo‘m Abboz” mas’uliyati cheklangan jamiyati homiyligida “Yesim” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan ijtimoiy turar joylarning qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Kam ta’minlangan, yordamga muhtoj 5 ta oilani turar joy bilan ta’minlash borasidagi ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida “Sizlar bilan birgalikda katta harakat boshladik. Har bir hududning dardini bilaylik, har bir insonning ichiga kiraylik, ertangi kunga ishonch uyg‘otaylik deb chuqur islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, deb ta’kidlagan edi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Orolbo‘yida amalga oshirayotgan ”Mehr harakati” doirasidagi xayriya tadbirlari buning amaldagi ifodasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA