Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yida ekologik aksiya
12:05 / 2026-02-20

Prezidentimizning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida beshinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish vazifalari belgilab berilgan edi.

Xususan, chang-to‘zonlarning oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida jami 250 ming gektar maydonda, jumladan, Orol dengizining qurigan tubida 115 ming gektar hududda daraxt va butalar ekish rejalashtirildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘linmasi hamkorligida yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib Orol dengizining qurigan hududlarida hosil bo‘lgan qum barxanlarini o‘simlik dunyosi bilan qoplashga qaratilgan davlat dasturlari ijrosiga ko‘maklashish maqsadida ekologik aksiya tashkil etildi.

Tadbirda hamkor tashkilotlar vakillari, umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari, “Yosh ekologlar” qanoti faollari hamda “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi a’zolari ishtirok etdi.

Ekoaksiyada partiyaning viloyat kengashi tashabbusi bilan Xorazmda yetishtirilgan saksovul urug‘lari va ko‘chatlari Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan maxsus shtabga topshirildi.

– Mazkur sa’y-harakatlar Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tuproq eroziyasini kamaytirish va chang-to‘zonlarning oldini olishga qaratilgan, – deydi partiyaning Yangibozor tuman kengashi raisi Baxtiyor Qalandarov. – Bundan tashqari, yoshlarni o‘zimiz bilan bu yerga olib kelishimizdan maqsad ularning ekologiya va atrof-muhitga qilingan yomon munosabatning oqibatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi, Ona tabiatni har doim asrab-avaylash kerak ekanligini tushuntirishdan iborat.

Aksiya doirasida Badayto‘qay davlat qo‘riqxonasiga ekskursiya tashkil qilindi.

1971-yilda tashkil etilgan ushbu qo‘riqxona Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, Sulton Uvays tog‘lari etaklarida joylashgan bo‘lib, noyob to‘qay o‘rmonlari va boy hayvonot dunyosiga ega. Hudud O‘zbekistonning ekologik xilma-xilligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

[gallery-27765]

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Orolbo‘yining fojiali tarixini o‘zida aks ettirgan “Kemalar qabristoni” hamda “Orol dengizi” muzeyiga sayohat qildi. 1984-yilda tashkil etilgan muzeyda Orol dengizining tarixi, baliqchilik sanoati va mahalliy aholi turmush tarziga oid 200 dan ortiq eksponatlar jamlangan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubida 5,5 million gektar maydonni egallagan Aralkum cho‘llari shakllangan. Ushbu hududdan yiliga taxminan 100 million tonnagacha tuz, chang va qum atmosferaga ko‘tarilib, atrof-muhit hamda aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

O‘tkazilgan ushbu aksiya esa aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda Orolbo‘yi hududida barqaror yashil muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ahmadjon Shokirov, 

Behzod Saidov (curat), O‘zA muxbirlari