Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yida bayram sayllari
10:36 / 2021-03-21

Mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolbo‘yida ham yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘z karantin qoidalariga rioya qilingan holda keng turda nishonlanmoqda.

Nukus shahrining I.Savitskiy nomli Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi va Yoshlar markazi yonidagi bayramona bezatilgan maydonlarda «Navro‘zing – yangi kuning, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekiston!» shiori ostida teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Qadim tarixga ega Navro‘zi olam – sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu hurramlik olib kirishi bilan ham milliy bayramdir. Bahorning kirib kelishi bilan mirishkor dehqonlarimiz, fermerlarimiz katta umid bilan yerga urug‘ qadamoqda.

Azaldan ma’lumki, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat bayrami hisoblanadi.

Konsert dasturi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raqqosalari ijrosidagi «Xush kelding, Navro‘z!» kompozitsiyasi bilan boshlandi.

Folklor jamoalari ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

Kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalar, mamlakatimizni dunyoga tanitayotgan sportchilarning chiqishlari bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Yurtimizda turli millat va elat vakillari birodarlikda, tinchlik-totuvlikda yashab kelmoqda. Ularning o‘z ona tilida bilim olishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Prezidentimizning tashabbusi bilan har yili 30 iyul – mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb nishonlanadigan bo‘ldi. Turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarni yig‘ilganlar katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining “Hurliman”, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “To‘maris”, shuningdek O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali talabalarining yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilarning bayramga bag‘ishlangan konsert dasturi yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

Yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zga bag‘ishlangan xalq sayllari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.

[gallery-1677]

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA