Nukus shahridagi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida “Qoraqalpog‘istonda barqaror turizmni rivojlantirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov, Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti faxriy professori Maykl Robinson va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda, shu jumladan Orolbo‘yida turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning turmush darajasi va aholi daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘istonga xorijlik sayyohlar sonini 80 ming nafarga, ichki sayyohlarni 800 ming nafarga va sayyohlik agentliklari sonini 45 taga oshirish vazifasi belgilandi.

Ushbu vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarish, ya’ni Qoraqalpog‘istonga xorijiy va ichki sayyohlarni jalb etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan hududning sayyohlik salohiyati bo‘yicha promo-video namoyish etildi. Bred Travel Gayds turistik qo‘llanmasi nashrga tayyorlanmoqda. Shuningdek, The Wasington post gazetasining jurnalistlari, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
YUNESKOning jahon merosi bo‘yicha barqaror turizm dasturining maslahatchisi professor Maykl Robinson “Orolbo‘yi sobiq mintaqasida madaniy meros va turizm orqali barqaror rivojlanish uchun salohiyatni oshirish” mavzusidagi Global meros dasturi grantini qo‘lga kiritdi. Endi joriy yil sentyabrda Nottingem universiteti olimlari guruhi Orolbo‘yi mintaqasida barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha yanada kengroq loyihani tayyorlash va YUNESKOning “tinchlik xotirasi” dasturiga kiritish uchun loyiha hujjatini tayyorlash uchun tashrif buyuradi.
Tadbirda professorning “Qoraqalpog‘istonda barqaror turizmni rivojlantirish” mavzusida taqdimoti o‘tkazildi.

– bugungi kunda Orolbo‘yi katta turistik salohiyatiga ega, – deydi Birmingem universiteti faxriy professori Maykl Robinson. – Vazifa ushbu imkoniyatlarni keng targ‘ib qilishdan iborat. Yaqin kunlarda Yevropa davlatlarida Orolbo‘yning turizm salohiyati bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etishni maqsad qilganmiz.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va fikr-mulohazalarini bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA