English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yida 6,5 million tupga yaqin daraxt va buta ko‘chati ekildi
12:12 / 2022-01-05

Davlatimiz rahbari asos solgan “Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Orolbo‘yini o‘rmonzorga aylantirish g‘oyasi qoraqalpog‘istonlik keksa- yoshni shu ezgu maqsad yo‘lida yanada jipslashtirdi.

Jumladan, 2021 yil kuzida Orolbo‘yida 5,2 million tupdan ziyod manzarali, mevali daraxt, buta ko‘chati ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 6 million 416,5 ming tupdan ortiq virgin archasi, sharq tuyasi, yapon soforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, jiyda kabi daraxt ko‘chati qadaldi.

Qo‘ng‘irot tumani “Xorazm”ovul fuqarolar yig‘ini Nukus shahridan 100 kilometr, tuman markazidan 17 kilometr olisda joylashgan. “Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Nukus-Biyneo‘ avtomagistral yo‘li o‘tgan bu hududdagi katta ko‘chaning ikki tomonida o‘rik, archa kabi mevali-manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Hozircha bu yerda 40 ming tup ko‘chat ekildi.

Shu bilan birga, katta yo‘l chetidagi bepoyon maydonda farg‘onalik dehqonlar o‘rik, shaftoli, bodom plantatsiyalarini yaratmoqda. E’tiborlisi, ko‘chat ekishdan avval yerlar tekislandi. 7-8 metrdan chuchuk suv chiqarilib, nasos o‘rnatildi, 5 kilometrdan quvur tortilib, tomchilatib sug‘orishga tayyor qilindi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ko‘chatlar uch yilda hosilga kiradi.

Amudaryo tumanidagi Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi Nazarxon bo‘limining 5 gektar yerida bugunga qadar 5 ming tup qayrag‘och, qariyb 13 ming tup archa, 3 ming tup oqterak, 15 ming tup katalpa, 2 ming tup tut, 150 ming tup zarang, 7 ming tup yapon soforasi ekildi. Bo‘limning yer maydoni bu yil 5 gektarga ko‘paytirildi. Kelgusi bahorda bu yerga ham ko‘chatlar qadaladi.

“Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Amudaryo tumani markazi Olmazor mahallasidagi “Yoshlar istirohat bog‘i”ning 5 gektar yer maydoniga 380 tup katalpa, 370 tup sumak ,750 tup archa, 450 tup o‘rik, 370 tup olcha, 180 tup nok kabi 10 turdagi 2 ming 500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Katalpa daraxtining barglari katta bulib, may oylarida oq rangdagi guli bo‘lib, estetik zavq bag‘ishlaydi. Qancha barglar katta bo‘lsa changlarni ushlab qolish xususiyatiga ega va o‘zida avtomobillardan chiqadigan ziyonli gazlarni ushlab qolib, kislorodni yaxshi ajratib beradi. Cumaq daraxti qattiq va tosh yerlarda o‘sish hususiyatiga ega bo‘lib, sovuq iqlimga chidamli, barglari tukli bo‘lib, chang to‘zonlarni ushlab qolish xususiyatiga ega. Archa daraxtlari o‘zidan fitonsid moddasini ishlab chiqaradi.

Orolbo‘yini yashil makonga aylantirish ezgu tashabbusi Nukus tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlarini ham yangi-yangi tashabbuslarga undadi. Ular loyiha doirasida “Qo‘tanko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 2 gektar bo‘sh maydonda “Suvchilar bog‘i”ni tashkil qilib, 2 ming tup olma ko‘chati ekdi. Ishchilar har bir tup nihol parvarishini bo‘lib oldi. Yil bo‘yi o‘zlari qaraydi, hosilini birga oladi. Ikki yilda hosil beradi.

Xo‘jayli tumanida bu yilgi mavsumda jami 334,5 ming dona daraxt va meva ko‘chati ekilgan. Aytish joizki, hududda ekilgan daraxtlar doimiy sug‘orish tarmog‘iga ulangan, qolaversa, parvarishi yuzasidan mas’ullar biriktirilgan.

“Samanko‘l”ovul fuqarolar yig‘ini Xo‘jayli tumani markazidan 7 kilometr olisda joylashgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasiga tegishli mazkur ovuldagi 26 gektar maydonda 24 turdagi jami 303 ming tup mevali-manzarali daraxt ko‘chati ekilgan. Yana bir yangilik – Orolbo‘yi mutaxassislari Farg‘ona viloyatidan olib kelingan lavanda urug‘laridan xonaki usulda ko‘chat yetishtirib, 4 gektar maydonga ekdi. Shu tariqa lavanda plantatsiyasi yaratildi.

Lavandadan kosmetologiya va tibbiyotda keng foydalaniladi. Uning gullari to‘liq yetilgach, xuddi beda kabi mavsum davomida 3 marta hosil olish mumkin. Tajriba tariqasida yetishtirilayotgan bu lavanda gullarini keyinchalik eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Yosh tadqiqotchi Aziz Qunnazarov esa 6 yildan buyon jiydaning yangi navlarini Qoraqalpog‘iston iqlim sharoitiga moslashtirish va yetishtirish ustida ilmiy izlanishlar olib boryapti. Hozirda sharq jiydasi ya’ni Samarqand – 7, Toshkent-16 navlarini ekib parvarish qilmoqda. 2 yillik daraxtlar kelasi yildan to‘liq meva beradi. Yosh olimning bitta orzusi bor: Orol dengizi atroflarini jiydazorga ham aylantirish. Kelayotgan bahordan u qurigan dengiz bo‘yida jiyda plantatsiyalarini barpo qilishga kirishadi.

– Tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu navlar o‘rta sho‘rlangan yerlarda yaxshi hosil beradi, –deydi Aziz Qunnazarov. – Bahorda qalamchalar tayyorlab, Orol dengizining qurigan tubiga ekiladi. Bu esa, dengizning suvi qurigan tubidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirini kamaytirishga, tuproq eroziyasini saqlab qolishga xizmat qiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi sabab hudud aholisi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish orqali hududni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA