English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi xotin-qizlarining muammolari o‘rganildi
14:25 / 2023-10-06

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova boshchiligidagi ishchi guruh oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida turli salbiy holatlarning oldini olish, “Ohangaron tajribasi”ni keng targ‘ib qilish, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar hamda nizoli oilalar bilan ishlash tizimi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida bo‘ldi.

Dastlab buyuk ajdodimiz, ensiklopedist olim Abu Rayhon Beruniy haykali poyiga gul qo‘yilib, hurmat bajo keltirildi. 
So‘ng tumanda xotin-qizlarning bandligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

“Rayhon Apparel” MCHJ tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda eksport jarayonini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Hozir korxonada 300 nafardan ortiq xotin-qiz ish bilan band. Tayyor matodan erkaklar va ayollar kiyimlari tikiladi. Zamonaviy tikuv mashinalari hamda bichish uskunalari Turkiya va Yaponiya davlatlaridan keltirilgan. Bundan tashqari, korxona 2024 yildan to‘quv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha ham ish boshlashni reja qilgan.

Beruniy tumani aholisi tomorqadan unumli foydalanish va yiliga uch marotaba hosil olish, daromad topish bo‘yicha alohida tajribaga ega. Ayniqsa, tumandagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqa issiqxonasidan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. 6818 nafar aholi istiqomat qilayotgan mahalladagi 211 ta xonadonda issiqxona mavjud. Issiqxonalarning tayyorgarlik darajasi, tomorqadagi poliz ekinlari va gulchilik bilan shug‘ullanayotgan uy egalari bilan suhbatlashgan Z.Mahkamova ularga o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Mazkur tajriba Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlarining arzonligini ta’minlash bilan bir qatorda, oilaviy daromadni ko‘paytirib, aholi farovonligiga asos bo‘lmoqda.

“Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan davra suhbatida oilalardagi ajrimlarning oldini olish, mahallalarda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, bu ishlarni amalga oshirishda mahalladagi nuroniy, faxriylarning ko‘p yillik turmush tajribasi qo‘l kelishi bo‘yicha mahalla nuroniylari bilan fikr almashildi. Bundan tashqari, "Bo‘ston" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Aytbayevaning mahallada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi va keyingi rejalar muhokama qilindi. Eng quyi tizim – mahallaning rolini yanada kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Beruniy tumanidagi o‘rganishlardan so‘ng tuman hokimligining majlislar zalida Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumani xotin-qizlar faollari hamda otinoyilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning bosh sababini aniqlash va chuqur tahlil qilish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan doimiy statistik ma’lumotlar olib borish, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turganlar bilan doimiy psixologik suhbatlar olib borish, shuningdek, bugungi kunning bosh mavzusi bo‘lgan oilaviy ajrimlarning oldini olish va ajrimlarga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha rejalar tushuntirildi.

“Inson qadri uchun” degan g‘oya asosida bugun Yangi O‘zbekistonni barpo qilish yo‘lida bir kuch bo‘lib, harakat qilayotgan ekanmiz, jamiyatda gender tenglik, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash yo‘lida amalga oshiradigan natijali ishlarimiz bisyor. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”. Tadbir yakunida Beruniy tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj M.Sharipovaga uy-joy berilgani to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova boshchiligidagi ishchi guruh Ellikqal’a, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot tumanlarida ham bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri