O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Ko‘rgazmalar saroyida “Natura” mavzusidagi ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmadan 12 nafar mahalliy rassomning tabiat go‘zalligi va ona yurtga bo‘lgan muhabbatni aks ettirgan 90 dan ortiq kartinasi o‘rin olgan. Ular orasida ustoz rassomlar bilan bir qatorda yosh iste’dod egalari ham bor.
Ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad qoraqalpoq tasviriy san’atida tabiat va inson, milliy an’ana va zamonaviy qarash uyg‘unligini namoyish etishdir. Ushbu loyiha orqali mahalliy rassomlar ijodiy aloqalarni mustahkamlab, tomoshabinlarga ona yurtimiz tabiatini yangicha estetik jihatdan tanishtirishni ko‘zda tutadi
[gallery-25999]
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, “Shuhrat” medali sohibi Sarsenbay Baybosinov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari Ajiniyoz Xudayberganov, Timur Sulaymonov, Berdaq Boboshev, Jetker Aybatov, Po‘latjon Abdireymov, shuningdek Najmiddin Shukurullayev, Salamat Bekbauliyev, Timur Asqarov, Rafatdin Ibraimov, Jamol To‘rajanov, Anvar Seytniyazov kabi iste’dodli rassomlarning eng sara asarlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Ularning har bir kartinasi tug‘ilgan yurtning tabiiy rangini, kuzning iliq nafasini, insonning ichki dunyosi bilan uyg‘un bo‘lgan badiiy taassurotni ifoda etadi. “Kuzgi ranglar”, “Qoraqalpoq qizi”, “Amudaryoda tong”, “Qo‘shiq”, “Musa Jaliy qishlog‘ida kuz” kabi asarlar ko‘rgazmaning asosiy badiiy o‘zagini tashkil qiladi.
Ko‘rgazma ikki hafta davom etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari