French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi qishloq aholisi yerlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda
16:45 / 2024-07-18

Orol dengizi ekologik inqirozining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni davom ettirish Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. Avvalo, O‘zbekistonning o‘zi ushbu yo‘nalishdagi aniq loyihalarni faol izlab topib, amalga oshirishda peshqadamlik qilgani barobarida, bu jarayonga xalqaro hamjamiyatni ham jalb etmoqda.

Bugun davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslari ortidan Orolbo‘yi hududida aholi bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy barqarorligini yaxshilash borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.  

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Qoraqalpog‘istonning Kegeyli, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida qishloq aholisiga muqobil daromad manbai sifatida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatib berildi.

Har bir tumanda 15 tadan oilaga jami 45 ta tomchilatib sug‘orish tizimlarining o‘rnatilishi Orolbo‘yi hududlarida yashovchi aholiga yengillik yaratdi, deyish mumkin. Jumladan, bu texnologiyalar o‘simlikni sug‘orishni avtomatlashtirish, suv va mineral o‘g‘itlar uchun sarf-xarajatlarni 40-50 foizga kamaytirish, shuningdek, turli o‘simlik kasalligining oldini olish va tuproq namligini saqlash imkonini berib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.

O‘simliklarni sug‘orishda qo‘l mehnati sarflanmasligi aholining ancha vaqtini tejashga yordam berayotgani quvonarli. Ushbu uskunalar FAO tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi va BMT Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Orolbo‘yi hududini yashil va innovatsion rivojlantirish orqali yoshlarning yorqin kelajak sari huquq va imkoniyatlarini oshirish» qo‘shma loyihasi doirasida o‘rnatib berildi.

Qayd etish kerak, loyiha BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda.  

Orolbo‘yi mintaqasining iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tabiiy resurslar degradatsiyasi salbiy ta’siriga ko‘proq moyilligi barchaga ma’lum. Bu turdagi sug‘orish usulining sabzavot hosildorligiga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, hosildorlik boshqa usulda sug‘orishga nisbatan o‘rtacha 1 metr kvadrat joydan 20 foizga yuqori bo‘ladi.

Kegeyli, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida o‘rnatilgan tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanish borasida aholiga tushuntirish ishlari olib borildi va ularda ushbu sug‘orish tizimiga qiziqish ortdi.

Ma’lumki, FAO tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash uchun qator ishlar olib borildi. Xususan, Kegeyli va Qorao‘zak tumanlaridan 45 ta ayolga tikuv mashinasi beg‘araz yetkazib berilib, ularning daromadlarini oshirish maqsadida tikuvchilik, kasanachilik va marketing asoslari bo‘yicha darslar o‘tkazildi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA