Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi mintaqasining tiklanishi: yutuqlar va kelajak istiqbollari
16:38 / 2025-11-10

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi va ularning yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan GIZ vakillari, shuningdek, xalqaro va milliy hamkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, loyihalarning asosiy maqsadi Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muammolarini hal qilish va uning ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan kompleks yondashuvdir. Bu tadbirlar aholi turmush tarzini yaxshilash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Jumladan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy rivojlantirish (Eco-Aral)” loyihasi yer resurslarini ekologik tiklash va barqaror boshqarishga, tabiiy resurslarni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun tabiatga yo‘naltirilgan yechimlarni ilgari surishga qaratildi. Ekologik reabilitatsiyani mahalliy salohiyatni rivojlantirish bilan uyg‘unlashtirgan holda Eco Aral atrof-muhit degradatsiyasidan zarar ko‘rgan jamoalarning yashash sharoitlarini yaxshilashga hissa qo‘shdi.  

“O‘zbekistonning ayrim hududlarida barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish” loyihasi esa yangi ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda qishloq xo‘jaligi, turizm, hunarmandchilik ishlab chiqarishi va axborot texnologiyalarida (IT) ish o‘rinlari va daromadlarni yaratishga sinovdan o‘tgan va innovatsion yondashuvlarni kengaytiradi. Loyiha ishlab chiqarish, qayta ishlash, marketing, sertifikatlash va eksportni rag‘batlantirishda yangi texnologiyalar va tuzilmalarni joriy etishga ko‘maklashadi.

Ikkala loyiha ham ekologik barqarorlikni iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘laydigan kompleks yondashuvni qo‘llaydi. Ushbu yondashuv mahalliy aholining o‘z iqtisodiy kelajagini shakllantirishda faol ishtirok etishini ta’minlaydi, shu bilan birga ularning uzoq muddatli istiqbolda yashash uchun mablag‘larini kafolatlaydi. Bu yaxlit model ijtimoiy inklyuziv va ekologik mas’uliyatli bo‘lgan iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashadi, atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtiradi va jamoalar barqarorligini mustahkamlaydi.

—Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi borasidagi kuzatilayotgan muammolar dunyo mamlakatlarining aholisini ham befarq qoldirayotgani yo‘q. Yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish maqsadida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish va boshqa sohalarda ham transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi, — deydi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy rivojlantirish (Eco-Aral)” loyihasi rahbari Paul Shumaxer.

[gallery-26156]

Tadbirning ikkinchi kuni delegatsiya a’zolari Ekologiya vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif buyurishib, mintaqani barqaror rivojlantirish, ekotexnologiyalar va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi.

Uchrashuv yakuni Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash va yashil tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga tomonlarning tayyorligini tasdiqladi.

Ikki kunlik tadbir davomida amalga oshirilgan loyihalar yakuni bilan bir qatorda Orol dengizi mintaqasining barqaror va ekologik xavfsiz rivojlanishini ilgari surishda hamkorlikning keyingi qadamlari va istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA