Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
16:00 / 2021-03-31

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va donorlik yordamini muvofiqlashtirishdan iborat.

Maslahat qo‘mitasi BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi tashabbusi bilan barcha ko‘p va ikki tomonlama sheriklarni birlashtiradigan, shuningdek, Orol dengizi mintaqasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtiradigan yagona platforma sifatida tashkil etilgan.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer hamraislik qildilar.

Uchrashuvda xorijiy davlatlar, BMT agentliklari, moliya institutlari, xalqaro jamoatchilik va ilmiy muassasalar, xayriya jamg‘armalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining 140 ga yaqin vakili ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muvozanati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun ko‘p tomonlama “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish Konsepsiyasini taqdim etdi.

Hujjat Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha xorijiy va xalqaro hamkorlar sa’y-harakatini birlashtirish, shuningdek, Orolbo‘yi aholisi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun resurslarni safarbar etish hamda mazkur o‘zgarishlarni samarali monitoring qilib borishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni joriy etishni ta’minlashga mo‘ljallangan.

Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) vakillari hududda aniq amaliy natijalarga erishish uchun “Yo‘l xaritasi”ni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmi yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etdi.

Mutaxassislar “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishishning muhim omili sifatida taraqqiyot bo‘yicha xorijiy va xalqaro hamkorlarning keng doirasini uchta ishchi guruh, ya’ni barqaror investitsiyalar, ma’lumotlar va baholar, shuningdek, xabardorlikni oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etish lozimligi xususida yakdil fikrga keldilar.

Uchrashuv davomida Trast jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan amaldagi qo‘shma dasturlar doirasida erishilgan natijalar haqida BMT agentliklarining ma’lumoti tinglandi.

Hozirgi vaqtda Trast jamg‘armasi tomonidan 5ta, xususan, aholini toza ichimlik suvidan foydalanishini yaxshilash, perinatal yordam sifatini oshirish va bunday xizmat ko‘lamini kengaytirish, qishloq xo‘jaligida innovatsion yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, umumta’lim maktablarida sanitariya sharoitini yaxshilash hamda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar moliyalashtirilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, bugungi kunga kelib, hududdagi beshta aholi yashash punktida istiqomat qiluvchilarning qariyb 3500 nafari toza ichimlik suvi bilan ta’minlangani, Qo‘ng‘irot va Beruniy tumanlarida infratuzilma yaxshilanib, tug‘ruqxonalarga yangi uskunalar o‘rnatilgani, Nukus shahri perinatal markazida esa 9000 ga yaqin ona va yana shuncha yangi tug‘ilgan chaqaloq yuqori sifatli perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgani ma’lum qilindi.

Qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar, Orol dengizi qurigan tubining fauna va florasini o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Yaqin kelajakda Trast jamg‘armasi mablag‘i hisobidan moliyalashtirish uchun yangi loyihalarni saralash bo‘yicha uchinchi tanlov e’lon qilinishi kutilmoqda. Muhokama chog‘ida taraqqiyot bo‘yicha xalqaro hamkorlar, shuningdek, O‘zbekiston vazirlik, idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari Orolbo‘yi mintaqasining barqaror rivojlanishini yanada mustahkamlash yuzasidan o‘z tavsiyalarini taqdim etdilar.