English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi mintaqasida iqlimga chidamli texnologiyalar joriy etiladi
11:05 / 2025-11-12

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) huzuridagi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining (DBRK) Maslahat kengashi majlisida ishtirok etdi.

Majlisda, shuningdek, OQXJga a’zo davlatlar rasmiy delegatsiyalari, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro institutlar hamda ekspertlar jamoalari qatnashdi. Ishtirokchilar 2024-2025 yillardagi DBRK faoliyati natijalarini, ilgari qabul qilingan qarorlar doirasida amalga oshirilgan tashabbuslar va yutuqlarni muhokama qildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar qatorida Dushanbe shahridagi chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha Hududiy markaz hamda Markaziy Osiyo Hududiy tog‘ markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tuzilmalar mintaqada ekologik boshqaruv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi salohiyatni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Tadbirning alohida qismi nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik hamda yaqinlashib kelayotgan xalqaro anjumanlarga tayyorgarlik doirasida yagona mintaqaviy pozitsiyani ishlab chiqishga bag‘ishlandi.  

Tadbir ishtirokchilariga innovatsion va iqlimga chidamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdim etildi. Xususan, Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslaridan foydalanishni monitoring qilish, tuproq sho‘rlanishini nazorat etish hamda geotermal energiya asosida kam uglerodli issiqlik ta’minoti tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi Ilmiy-axborot markazi tomonidan tayyorlangan qarorlar loyihalari kelishib olindi va ma’qullandi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo ekotizimlari barqarorligini oshirish, aholi turmush sifatini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishga qaratilgan mintaqaviy dastur va tashabbuslarni izchil amalga oshirish, shuningdek, institutsional hamkorlik mexanizmlarini yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Sh. Mamaturopova,

O‘zA