Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi hududida qishloq aholisi salohiyatini oshirishga bo‘lgan e’tibor
23:01 / 2021-12-16

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) 15-16 dekabr kunlari O‘zbekiston «Agrar soha ayollari» uyushmasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bog‘dorchilik bo‘yicha ikkita trening o‘tkazdi.

Seminarlar BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi va FAOning Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi. 

Qayd etish joiz, qo‘shma loyihaning yo‘nalishlaridan biri – aholisining asosiy qismi qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan hudud iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligidagi innovatsion tajribalarini uy xo‘jaliklari darajasida targ‘ib qilishdan iborat.  

– Treninglar Bo‘zatov tumani aholisining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif qatlamlari vakillari salohiyati, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ular yer resurslaridan samarali foydalanishlari va shu orqali o‘z oilalarining daromadlarini oshirishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov.  

Shuningdek, mazkur treninglarda 60 nafarga yaqin, asosan, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi. Degradatsiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, yerlarning unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘it turlari, ishlatish me’yorlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.  

Tomorqa yer maydonlarida sho‘rlangan tuproqlarga mos bo‘lgan mevali bog‘larni tashkil etish va kichik hajmdagi issiqxonalarda sitrus mevalarni yetishtirish agro texnologiyasiga asosiy e’tibor qaratildi. 

Bundan tashqari, ishtirokchilar bog‘larni kimyoviy va biologik himoya qilish usullari, yetishtirilgan mahsulotlarni saralash, qadoqlash va saqlash texnologiyalarini o‘rganib, tomorqa yerlarida bog‘lar tashkil etishga davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. 

– Aholining ta’lim, axborot va konsalting xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan sharoitda bunday treninglarni o‘tkazish juda muhimdir, – deydi O‘zbekiston «Agrar soha ayollari» uyushmasi raisi Adiba Axmedjanova. – Olingan bilimlar xotin-qizlarga o‘z tomorqasida yanada samarali mehnat qilish, daromad topish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish imkonini beradi.  

Umuman olganda, loyiha doirasida FAO milliy hamkorlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari qishloq jamoalari uchun tuproqni himoya qilish, baliqchilik va chorvachilikni rivojlantirish usullari bo‘yicha treninglar o‘tkazadi. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklar pitomniklar va baliq boqish havzalarini yaratish uchun zarur uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi. Bularning barchasi qishloq yoshlari va xotin-qizlari daromadlarini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratadi.  

O‘zA