French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi aholisiga munosib turmush sharoiti yaratiladi
17:28 / 2024-05-20

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari, barcha idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda so‘nggi yillari “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Prezidentimiz rahbarligida barcha joylarda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi va mazkur ishlar bundan keyin ham davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan sharoiti og‘ir oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida 363,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari hamda ichki yo‘llar holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 ming 94 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash (yopish) hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish, shuningdek, Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridagi 2 ming kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al yotqizish belgilandi. Shundan, To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlaridagi xonadonlarni ta’mirlashga 112,3 milliard so‘m davlat byudjeti parametrlaridagi mablag‘ hisobidan, qolgan shahar va tumanlardagi xonadonlarni ta’mirlashga 231,6 milliard so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklarining mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan, mazkur 4 ta tumanda tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari uchun 20 milliard so‘m Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi hisobidan ajratildi. Shu asosda hozirda barcha shahar va tumanlarda qurilish ishlari davom etmoqda.

Majlis davomida tegishli soha vakillari va mas’ullarga galdagi belgilangan vazifalarni bajarish, eng asosiysi, xalqimizning bugungi hayotidan roziligini ta’minlash yo‘lida chin ko‘ngildan mehnat qilish zarurligi qayd etilib, Prezidentimiz topshirig‘i asosida belgilangan vazifalarni tizimli davom ettirish kerakligi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar belgilab olindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri