Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orolbo‘yi aholisi uchun ajoyib tuhfa
19:13 / 2025-10-20

Bugungi kunda Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohi xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

Ular qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv kuni ochilish marosimi o‘tkazilgan Bo‘zatov sanatoriyasi ham qo‘shildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlari va 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi majlis bayonnomasiga muvofiq, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan Bo‘zatov tumanida 2021 yilda sanatoriy qurish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi rahbarlari tomonidan sanatoriyaning tamal toshi 2023 yil 10 mart kuni qo‘yilgandi. Ayni paytda odamlar salomatligini tiklashga qaratilgan mazkur sanatoriya qad rostladi. 

[gallery-25819]

Loyihaga ko‘ra, sanatoriya 200 nafar dam oluvchiga bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsata oladi. Yiliga esa 6 ming nafar fuqaro suv muolajalari, fizioterapiya va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlar orqali sog‘ligini tiklash imkoniga ega.

Shuningdek, bu yerda 6 qavatli shinam yotoqxona, 2 qavatli davolash markazi, zamonaviy oshxona va madaniy klub, turk hammomi, yopiq basseyn, shuningdek, oilaviy kottejlar va boshqa infratuzilmalar mavjud. 12,5 gektar maydonni egallab turgan sanatoriyning 6,3 gektari mevali bog‘, 4 gektariga esa manzarali va chim daraxtlar ekilgan, qolaversa, quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham yo‘lga qo‘yilgan.

– Orolbo‘yining eng chekka hududida bunday shinam sanatoriyaning foydalanishga topshirilishi aholi, shu jumladan nuroniylarimiz uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga alohida minnatdorlik bildiramiz, – deydi Bo‘zatov tumani “Erkindaryo” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Qudaybergen Tileo‘liyev. 

Jami 124 milliard so‘mlik ushbu loyiha 120 nafar mutaxassis uchun doimiy ish o‘rnini yaratadi. Bu esa o‘z navbatida tuman aholisining turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi. 

Qurilish ishlari davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, buyurtmachi sifatida — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kapital qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi. 

Qoraqalpog‘istonda mana shunday mahobatli sanatoriy qurilishi – bu yangi hayot, yangi nafas, yangi imkoniyatlar demakdir. Zero, davlatimiz rahbari O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvdagi nutqida ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya bundan buyon ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA