French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orol taqdiriga befarq bo‘lmaylik!
19:57 / 2024-08-16

Toshkent Fotosuratlar uyida Prezidentimizning 2017 yil 18 yanvarda qabul qilingan “2017 — 2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida” qarori  ijrosini ta’minlash maqsadida “Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” nomli fotoko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi

Yuqorida nomi keltirilgan hujjatga binoan O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trastfondini tashkil etish borasidagi tashabbusni ilgari surdi va bu BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Orol bo‘yi hududini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi”, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Taklif 2018 yilda qabul qilindi. 

Ushbu dastur o‘zida bir qancha muammolarni birvarakayiga yechishni qamrab oldi. Bu esa Markaziy Osiyo respublikalarini hamjihatligini taqozo qildi. Bugungi kungacha bu dastur doirasida yurtimizda qator loyihalar amalga oshirildi. Bulardan biri “Yashil iqtisodiyot” loyihasi bo‘lib, bunda sahro o‘rnida o‘rmon barpo etish g‘oyasi ilgari surilgan. Bu g‘oyani amalga oshirilishida: mintaqada turli kasalliklarni ko‘paygani, o‘simlik va hayvonlarni yo‘qolib ketayotgani, hatto, bunday ekologik tanqislik koinotni isib ketishini tezlashtirishga ta’sir etishi mumkinligi singari qator global muammolarning oldini olinishi  ko‘zda tutilgan.

Orol bo‘yi ekologik fojiasi butun insoniyatga xavf solib, ayniqsa, yurtimiz aholisini tashvishlantirmoqda. Jamoatchilik bu fojiani oldini olishda sohaga aloqador chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Shu jumladan san’at ahli ham bu ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 

Mazkur ko‘rgazma ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘lib, unda Orol dengizining hozirda qurib, sho‘r bosgan hududidan olingan lavhalarni aks ettiradi.

[gallery-18771]

Ushbu ko‘rgazmada professional fotograflar Viktor An va Hamdam Shorahmedovning Orol fojiasini ko‘rsatuvchi badiiy fotografiyalari va O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi fotomuxbirlari Orol bo‘yi shaharlaridagi bugungi tiklanish jarayonlari va yutuqlari haqida hikoya qiluvchi suratlari namoyish etilgan.

Viktor An fotoasarlarining oq-qora rangdaligi mavzuni tomoshabinga yanada batafsilroq yetkazib, fojiani yanada keskinlashtiradi, insonlarda achinish va ogohlik hissini uyg‘otadi. Hamdam Shorahmedovning fotosuratlarida esa ramziy detallarga manzara mohiyatini sharhlash vazifasi yuklatiladi: sahrodagi eskirgan kemalar, tuz va chang-to‘zonli zamin, barq urib kelayotgan sahro saksovullari va moviy osmon, quyoshning iliq nurlari. Bir qarashda ziddiyatli manzara hosil qilayotgan bu unsurlar o‘lim va undan keyin, albatta, hayot, tiriklik qaytishini ta’kidlaydi.

Ravil Albekovning Orolning kechasini o‘zida namoyon etuvchi oq-qora suratlari kishiga yaxshi kayfiyat va jo‘shqinlik bag‘ishlaydi. Suratlarda o‘tmishda Orolning limmo-lim ekani, unda bolalar miriqib cho‘milayotgani, Orol baliqlarga boyligi, ularni aholi to‘rda ushlayotganini ko‘rib ko‘zing quvonadi...

Ko‘rgazmaning asosiy qismini O‘zA muxbirlari Dovud Abibullayev, Nasiba Ziyodullayeva va fotomuxbiri Maqsad Habibullayev hamkorligida yuzaga kelgan  turli mavzu va janrdagi betakror fotoasarlar egallaydi. Mo‘ynoqda bo‘lib o‘tgan turli voqea-hodisalarga bag‘ishlangan ushbu fotosuratlar tomoshabin diqqatini jalb etmasdan qolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi”da “Ralli Mo‘ynoq” avtopoygasini tashkillashtirish va o‘tkazish belgilangan edi. Mazkur avtopoygani batafsil hikoya qiluvchi fotosuratlarni O‘zA fotomuxbiri Maqsad Habibullayev olgan. 

O‘zA muxbiri Maqsad Habibullayev  «Orolning qurigan maydonida yashil oazis barpo qilinmoqda» mavzusidagi fotosuratlari tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Ularda Orolning qurigan maydonidagi quduq qazish va daraxt o‘tkazish ishlaridan lavhalar ko‘rsatiladi. Shuningdek, muallifning 2018 yilning 15-16 dekabr kunlari Nukus  shahrida «Yangi Mo‘ynoq - yangi imkoniyatlar» mavzuida o‘tkazilgan birinchi investitsion biznes forumida fotoreportajlari ham diqqatga sazovordir. Suratlarda forum doirasida o‘tkazilgan biznes loyihalar taqdimoti, Mo‘ynoq tumanidagi Ekologiya muzeyi va «Kemalar qabristoni» sayyohlik maskaniga ishtirokchilarning qilgan safarlari ham hikoya qilinadi.

O‘zA muxbiri Dovud Habibullayevning  Mo‘ynoq tumanidagi «Qozoqdaryo» Ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangidan topshirilgan aholiga ichimlik suv yetkazib berish stansiyasi va maktabgacha ta’lim muassasasi binosining ochilish marosimlari to‘g‘risidagi materialiga olingan suratlar ham ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Mavzu yana  O‘zAning ilg‘or fotomuxbiri Maqsad Habibullayev tomonidan suratlarda yoritilgan.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayevaning  Orol dengizi  bo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi materialiga  ham Maqsad Habibullayev suratlar olgan. Suratlarda Orol dengizining  hududi va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha tashkil qilingan o‘tovlar kempingidan olingan ko‘rinishlar aks etadi.

Umuman olganda, ushbu ko‘rgazma borliqqa, ona-tabiatga befarq bo‘lmaslikka da’vat etishi bilan ahamiyatlidir.

N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari