Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orol: suv, o‘rmon va ekologik barqarorlik
16:29 / 2026-03-03

Bugungi kunda suv resurslarini boshqarish, cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish, yashil hududlarni kengaytirish yo‘nalishida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududlarida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Orol dengizi atrofida Jiltirbas, Sudoche, Daryo oralig‘i, Mo‘ynoq qo‘ltig‘i, Maqpal ko‘l, Zokir ko‘l, Maypost va Rыbache ko‘llari mavjud bo‘lib, bu ko‘llar ona tabiatimiz ko‘rki bo‘lgan hayvonot va qushlar dunyosining makon tutishi, chorvachilik va baliqchilik, ovchilikning rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.

Mazkur loyihalar qatorida Daryo oralig‘i, Rыbache ko‘li, Maqpal ko‘l, Mo‘ynoq kanali va boshqa hududlarda suv oqimini tartibga solishga qaratilgan muhim infratuzilma ishlarini ta’kidlash mumkin. Bu ishlar dambalar, suv chiqarish inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, yashil qoplamalarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. 

2025 – 2027-yillarda Maqpal ko‘lda damba va suv chiqarish inshootini qurish hamda Darkesh o‘zanini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyiha Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududi suv rejimini barqarorlashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar sirasiga kiradi.

2023-2024-yillarda esa, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo qilish. Faza-II” loyihasi amalga oshirildi. Umumiy qiymati 18 milliard dollar bo‘lgan loyiha Orol dengizining qurigan tubidan ko‘tarilgan zaharli aerozollarning tuz va changlarni ushlab qoluvchi bufer hudud vazifasini bajarib, Orolbo‘yi bioresursining tabiiy unumdorligini oshirish va biologik xilma-xilligini saqlab qolish, suv yuzasi maydonining kengayishi va hududning namlanishi hisobiga ekologik muammolarga yechim topishga yo‘naltirilgan. 

Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududining ekologik tiklanishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli o‘rmon-meliorativ ishlarini amalga oshirish davom etmoqda. Bu kabi ishlarning olib borilishi natijasida Axantay hududida mahalliy daraxt-buta o‘simliklaridan iborat himoya o‘rmonzorlari barpo etildi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mni tashkil etib, uning doirasida Mo‘ynoq tumanidan 20 kilometr shimoli-sharqda joylashgan hududda 11,6 ming gektar maydonda o‘rmon-meliorativ tadbirlar to‘liq amalga oshirildi hamda ob’ekt 2024-yilda foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Oqqum hududida himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha 1-bosqich ishlari yakunlandi. Loyihaning umumiy qiymati 3,4 milliard so‘mni tashkil etib, mazkur bosqich doirasida 2 ming 82 gektar maydonda o‘rmon-meliorativ ishlari bajarildi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi tuz va changning Mo‘ynoq shahri hamda uning atrofidagi hududlarga kirib kelishining oldini olish, Qorajar aholi punktiga, shu bilan birga ularga yaqin joylashgan hududlarga, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli foydalaniladigan yerlarning Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan Sudoche ko‘liga tushishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Amalga oshirilayotgan loyihalar suv rejimini barqarorlashtirish bilan bir qatorda Orolbo‘yidagi ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.