Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orol mintaqasi sho‘rlanishiga qarshi o‘quv seminari tashkil etildi
15:58 / 2022-09-19

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Yaponiya hukumatining Barqaror rivojlanish yo‘lidagi ilmiy tadqiqot va texnologik hamkorlik dasturi – “SATREPS” doirasida seminar tashkil etildi. Orol mintaqasi sho‘rlanishiga qarshi kurashish va yer unumdorligini oshirish uchun suv resurslaridan unumli foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy loyiha bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminar ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, Orol dengizi ekologik inqirozining salbiy oqibatlarni yumshatish, mahalliy aholi salomatligi va kelajagiga tahdid soluvchi muammolarni hal qilishda ilmiy, innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidlab o‘tdi. 
Qayd etilishicha, bu jarayonlarga xorijiy olimlarini jalb etish, xalqaro tashkilotlar, jamg‘armalar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish zarur. Shu maqsadda Innovatsion rivojlanish vazirligi Yaponiya hukumati tomonidan e’lon qilingan tanlovda ishtirok etdi. Tanlov natijasiga ko‘ra, 145 mamlakat ichida O‘zbekiston Respublikasi loyihasi yutib chiqdi. Loyihaning maqsadi  Orolbo‘yida sho‘rlanish darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan yoki yer osti suvlari bo‘lgan tuproqlarda o‘sishi mumkin bo‘lgan o‘simliklarning imkoniyatlarini baholash, paxta plantatsiyalari, shuningdek, og‘ir sharoitda yashayotgan kichik qishloq xo‘jaliklarining faoliyati barqarorligini ta’minlaydigan biznes modeli va texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.

Seminar qatnashchilarini onlayn videokonferensaloqa orqali Yapon xalqaro agentligi tashkilotining (JICA) departamenti direktori mister Tanaka Xiroyuki tabrikladi. 

Seminarda Yaponiyaning Fan va texnika agentligi (JST) tashkiloti vakili mister Yamaguchi Yasushi “SATREPS-2020” dasturi doirasida Yaponiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va keltirilishi rejalashtirilayotgan moddiy-texnik baza — laboratoriya jihozlari bo‘yicha axborot berdi.

Shuningdek, Yaponiya olimlari, Chiba universitetining professori Xiguchi, Kioto universitetining professori Tanaka, Kobe universitetining professori Nagano o‘zbek olimlari bilan loyiha doirasida bajarilgan ishlar, natijalar va keyingi bosqichlarda bajarilishi kutilayotgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi. 

Loyihani bajarishda kelib chiqayotgan muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.  Muhokamalarda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent Agrar universitetining Qoraqalpoq filiali, Nukus davlat universitetining olimlari va “UzGIP” MCHJ, Gidrometeorologiya markazining mutaxassislari ishtirok etdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA