Yurtimizda tabiatni asrash, ekologik muammolarni bartaraf etish, xususan, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasida keng miqyosda amaliy ishlar qilinmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Orol dengizi qurishi oqibatlarini tugatishning ikki yo‘li bor. Bular – uni suv bilan to‘ldirish yoki qurigan dengiz o‘rnida yashil qoplamalar, o‘rmonzorlar barpo etish. Yashillikni ta’minlash olimlar va o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan amalda isbotlangan eng samarali usuldir.
Xo‘sh, Orol dengizining qurigan maydonlarida nabotot va hayvonot dunyosining qaytishi uchun bugun va bugunga qadar qanday ilmiy-amaliy harakatlar qilindi? Shular xususida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Ihota o‘rmonlari va o‘rmon melioratsiyasi laboratoriyasi bo‘limi xodimi Go‘zal Otajonovaning fikrlariga qiziqdik.
– Orol dengizini qutqarish, umuman uning qurigan tubida shillikni yaratish, jonzotlarni qaytishini ta’minlash uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Oxirgi yillarda yashil makon dasturi doirasida Orol dengizi qurigan tubida yashillikni ko‘paytirish maqsadida o‘rmonlar barpo etish yuzasidan ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Bizning laboratoriyamiz ko‘p yildan buyon Orol dengizi qurigan tubida o‘rmonlar barpo etish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Oxirgi yillarni oladigan bo‘lsak, Prezidentimiz ishlab chiqqan davlat dasturi yuzasidan bizning laboratoriyamizda ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalarni asos qilib olgan holda besh yildan beri juda ko‘p katta ishlar bajarildi. Bunda hozirgi kungacha bir million yetti yuz o‘ttiz ming gektar maydonda yashil maydonlar barpo etildi. Bunda asosan saksovul o‘simligi ko‘proq ekildi. Sho‘rlangan joylarni oladigan bo‘lsak, qora baroq o‘simligi ekildi va juda katta yaxshi natijalarga erishildi.
Bugungi kunda Orol atrofiga borib ko‘radigan bo‘lsangiz, juda katta o‘rmonlar saksovulzorlar barpo etilgan. Hozirgi vaqtda boshlagan, o‘zidan tabiiy ko‘payish jarayonini boshlagan. Shuningdek bizda bugun yangi o‘simliklarni introduksiya qilish jarayoni to‘g‘risida ham ancha ishlar olib borilyapti.
– Boshqa mamlakatlarda ham shunday hududlarda ekilgan o‘simliklar bo‘yicha qandaydir o‘rganishlar bo‘ldimi?
– Albatta, ammo bir narsani hisobga olishimiz kerak: Orol dengizining qurigan tubi bilan boshqa davlatlarning cho‘llangan zonalari bir xil emas. Orol dengizining qurigan tubi bir necha xil qatlamga ega bo‘lib, suvlarning qaytib ketishi oqibatida gipsli, sho‘rlangan. Albatta bu maydonlarning tuproq qatlamini o‘rganib borish kerak. Bir xildagi o‘simliklarni birvarakayiga ekib, yaxshi natija olmasligimiz mumkin. Bu yerda o‘rmonlarni ko‘paytirishimiz uchun mahalliy o‘simliklardan qaysi tipga qaysi o‘simlikni ekishimiz va yaxshi natija olishimiz yo‘llari o‘rganiladi. Masalan, ozuqaviy o‘simliklarni ko‘proq ekib, yaylovzorlar barpo etishimiz mumkin. Bu kelajakda chorvachilikni ham rivojlantirishga olib keladi. Ozuqaviy o‘simliklardan masalan, Chog‘on, Teresken, Bayalij, Izenki, Reuk, Tambarks va shunga o‘xshagan kichkina buta va saksovulni tavsiya qilishimiz mumkin. Bu cho‘l sharoitida, aynan Orolning qurigan tubida yaxshi o‘sadi.
– Orol dengizi bo‘yicha qilingan ishlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, natijalar qanday bo‘ldi?
– Orol dengizi qurigan tubi o‘zi 6 million gektar maydonni tashkil etadigan bo‘lsa, bu maydondan 3 millioni bizning respublikamizga to‘g‘ri keladi. 2,8 foizi Qozog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri kelsa, bugungi kungacha 1 million 730 ming gektardan ziyodi o‘rmonlashtirildi. Bundan tashqari, bu yil ham 100 ming gektarni o‘rmonlashtirish jarayoni olib borildi. Bu ishlar albatta davom etadi. Kelgusida ham ko‘plab maydonlarni o‘rmonlashtirishga erishamiz.
– Hududda ekilgan o‘simliklar o‘z natijasini beryaptimi? Ular o‘sib keta olyaptimi yoki ko‘makchi guruhlar tashkil etilib, ularning o‘sishi uchun sharoit qilinyaptimi?
– Orol dengizi qurigan tubi sharoitida bu maydonlarni sug‘orishning imkoni umuman yo‘q. Iqlim sharoitini oladigan bo‘lsak ham, respublikamizning shu maydonida yog‘ingarchilik boshqa viloyatlarga qaraganda juda kam bo‘ladi. Asosan bu maydonlarda ekish ishlari qor, yomg‘ir vaqtida bajarilishi kerak. Tabiiy yomg‘ir, qorlarning ostida ular o‘zini rivojlantirib olishi kerak. Mana hozirda erishilgan natijalar, o‘sib chiqqan o‘simliklarni suratlarda ko‘rishingiz mumkin: qora baroq o‘simligi, saksovul kabilar…
Bular davlat dasturi asosida bizning laboratoriyamiz olimlarining ilmiy tavsiyasiga tayangan holda bajarilgan. Uch yillik, saksovulzorlar odam bo‘yi barobarida bo‘lgan. Hozirgi kunda bu yerlarda asalarichilikni rivojlantirib, asal olish imkoni bor.
– Shu paytgacha havoga qanchadir chang-tuzlar ko‘tarilib, turgan. O‘simliklar ekilishi natijasida zararli changlarning ko‘tarilishi kamaydimi?
– Albatta, avvalgiga nisbatan Qoraqalpog‘iston Respublikasida havoga ko‘tariladigan chang-qum-tuzlar miqdori kamaygan. Masalan, 4 yoshli saksovulzorning 1 gektarini oladigan bo‘lsak, 1.158 kg. karbonat angidrid gazini o‘ziga singdirib, 835 kg. kislorod chiqaradi. Cherkiz o‘simligi esa 1.158 kg. karbonat angidrid gazini o‘ziga yutib, 1.116 kg. kislorod chiqazib beradi.
– U yerda yana ekilishi mo‘ljallangan hududlar bormi?
– Albatta, Prezidentimiz tashabbusi bilan yana 100 gektar maydon har yili ekib borish vazifasi yuklatilgan. Mana shu ishlarni bajarilishida O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi hamda volantyorlar katta hissa qo‘shib kelmoqda. Ko‘p yillardan beri Orol dengizi qurigan tubida ilmiy ishlar olib borish natijasida olimimiz qishloq xo‘jalik fanlari doktori boshchiligida tavsiyanomalar ishlab chiqilgan. Hozir o‘rmon xo‘jaliklari qurg‘oqchilik ko‘p bo‘lgan maydonlarda mana shu tavsiyanomalarga asoslanib o‘rmonlar barpo etish ishlari bajarilib kelyapti. Bundan tashqari bu qurg‘oqchil maydonlarda nam saqlovchi nonoyelimlardan foydalanish ishlari qilinmoqda. Sug‘orish imkoni bo‘lmaganida o‘simliklarga palimen nonoyelimlarini qo‘llab ekilsa, uning ko‘karish darajasi yana ham oshadi, 2-3 barobarga ko‘payadi. Bu yomg‘ir suvidan namlanganidan keyin 5-6 oy o‘simliklar o‘zini tutib olguncha yordamchi vazifani o‘taydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QrdkyTGdo3I" title="Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonlar barpo etishning ilmiy-amaliy natijalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA