Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orol dengizining qurigan tubida choʻl oʻsimliklarini ekish ishlari qizgʻan pallada
18:11 / 2020-01-22

Joriy mavsumda Orol dengizining qurigan tubidagi 700 ming gektar maydonga choʻl oʻsimliklarini ekish belgilangan boʻlsa, bugungi kunga qadar shundan 282 ming gektardan ortiq maydonda koʻchat oʻtqazilib, urugʻ sepildi.


Joriy mavsumda Orol dengizining qurigan tubidagi 700 ming gektar maydonga choʻl oʻsimliklarini ekish belgilangan boʻlsa, bugungi kunga qadar shundan 282 ming gektardan ortiq maydonda koʻchat oʻtqazilib, urugʻ sepildi. Yaʼni reja 40 foizdan oshdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining tezkor maʼlumotiga koʻra, 67559 ga yer maydoni ekishga tayyorlangan. 2400 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻi yigʻilishi belgilangan boʻlib, hozirgi kunda 1718 tonna tayyorlangan. Jumladan, 956, 3 tonna saksovul, 541 tonna qandim, 155 tonna qorabaraq, 64,2 tonna yaylov choʻl oʻsimliklari urugʻi toʻplangan. Urugʻ tayyorlash ishlariga ishchilar bilan birga Moʻynoq tumani aholisi ham keng jalb qilingan. Urugʻning har kilogrammiga 10 ming soʻmdan berilmoqda.

Oʻrmonlashtirish tadbirlari koʻchat oʻtqazish va urugʻ sepish orqali amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunga qadar 8100 gektardan ortiq maydonda yulgʻun, qorabaraq, saksovul oʻsimliklarining koʻchatlari oʻtqazilgan boʻlsa, qariyb 274 ming gektariga qandim, qorabaraq, saksovul urugʻlari sepildi.

Urugʻdan oʻrmon ekish tadbirlari asosan traktorlar va AN-2 samolyotlari orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, deltaplanda urugʻ sepish yoʻlga qoʻyildi. Deltaplanda 700 gektar, traktorlar yordamida 43 ming gektardan ortiq, samolyotlar yordamida esa 229,5 gektar maydonga urugʻ sepildi.

Hozirda Orolning qurigan tubida oʻrmonlashtirish tadbirlariga 850 ta texnika (jumladan 4ta samolyot) va 2500dan ortiq ishchilar jalb qilingan.

Mazkur tadbir 2018-yil dekabr oyida boshlangan boʻlib, oʻtgan mavsumda 460 ming gektardan ortiq maydonda choʻl oʻsimliklari ekilgan edi.

Umuman, oʻrmonlashtirish tadbirlari dengiz chekingandan keyin, yaʼni oʻtgan asrning 80 yillarida boshlangan boʻlib, qariyb 40 yil davomida atigi 400 ming gektar maydon oʻrmonlashtirilgan edi. 2018-yilgacha, yaʼni yangi oʻrmonlashtirish davri boshlangunga qadar Moʻynoqda oʻrmonlashtirish tadbirlariga atigi ikkita traktor (T28 markali) va 10-15 ishchi jalb qilingan.