Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Global Atrof-muhit jamg‘armasining “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzulga uchragan yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” “Aral Sea Wetlands” qo‘shma loyihasi doirasida 3 ming 400 tup daraxt va butalar ko‘chatlari Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga ajratildi.
Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo viloyatida o‘rmon va bog‘ ko‘chatlarini kengaytirish, Orolbo‘yi hududining ekologik barqarorligini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishning samarali vositalaridan biri bu o‘rmonlar barpo etish bo‘lib, u tuproqning unumdor qatlamini tiklash va yer degradatsiyasi neytralligi (YDN) maqsadlariga erishishga yordam beradi. O‘zbekistonning ekologik nuqtai nazardan eng zaif mintaqalaridan biri bo‘lgan Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilashda “yashil belbog‘lar”ning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
“Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekologik barqarorlikni va aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsad qilingan. Asosiy e’tibor yer degradatsiyasining oldini olish va muhofaza etiladigan hududlar, asosiy biologik xilma-xillik hududlari va qushlar yo‘llari atrofida suv va yerni kompleks boshqarishga qaratilgan.
Orol dengizi havzasi fojiali darajada sayozligiga qaramay, hali ham muhim ekologik ahamiyatga ega. 3 ming 400 tup mevali daraxt ko‘chati bog‘lar va daraxtzorlar maydonini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda viloyat faunasini yanada boyitish imkonini beradi. Bu kelgusida Orolbo‘yida oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni mustahkamlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA