Orol dengizi bir vaqtlar dunyodagi eng katta ichki suv havzalaridan biri bo‘lgan. Keyingi o‘n yillarda ekologik va iqtisodiy muammolar tufayli katta ziyon ko‘rdi. Orol dengizi miqdori 1960 yillarda 1060 km³ dan 2000 yillarga kelib 40 foizga kamaygan. Bu hodisa nafaqat mintaqadagi ekotizim, balki mahalliy aholining iqtisodi, sog‘lig‘i va madaniyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Orol dengizini to‘liq tiklash mashaqqatli jarayon. Orol dengizi tubidagi chang juda katta masofalarga — Shimoliy muz okeani, Eron, Yaponiya va hatto Fransiyaga tarqalishga ulgurgan. Hozirgi davrning eng muhim vazifasi Orol dengizi inqirozining atrof-muhit va Orol dengizi mintaqasida yashovchi millionlab odamlar turmush tarziga zararli ta’sirini kamaytirishdan iborat. Bugungi kunda ekologik ofat zonasida qum va tuzning uchishiga to‘sqinlik qiluvchi yashil maydonlar yaratilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalqaro Orolbo‘yi turizm haftaligi doirasida tashkil etilgan “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasida Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik inqirozni hal qilishda ilmiy asoslangan va amaliy yo‘naltirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga salmoqli hissa qo‘shgan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Orol muammosini hal etishda chora-tadbirlar xalqaro tajribalarga tayangan holda yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Zinoviy Novitskiy. – Ishlar ko‘lami juda keng. Jarayon uzoq davom etishi mumkin, ammo muvaffaqiyatli yakun topadi degan umiddaman.
Orolbo‘yida ekologik muammolar mamlakat tarixida birinchi marta konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. O‘rmonlarning qurigan tubida meliorativ holatni yaxshilash bo‘yicha alohida loyihalardan tizimli va ilmiy asoslangan tadbirlarga o‘tish muhim. Shuningdek, yaylovlar yaratish uchun qatorlar orasiga yem-xashak o‘simliklari ko‘chatlarini ekish, bunday ko‘chatlarni yetishtirish bo‘yicha Milliy markazni tashkil etish va keyinchalik viloyat markaziga aylantirish, ekoturizmni rivojlantirish, Xalqaro yoshlar ekologik markazini tashkil etish, O‘zbekiston va Qozog‘iston qurigan dengiz tubining o‘rmon meliorativ holatini rivojlantirishning yagona tizimini ishlab chiqish lozim.
Orol qurib, asta-sekin kemalar qabristoniga aylangan va chang-to‘zon hamda tuz ko‘tarilib, ekologik muammoni keltirib chiqargan edi. Ammo sabrli, matonatli, xalqimiz yorug‘ kunlarga ishonib, umid bilan yashadi. Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish uchun bugun barcha astoydil mehnat qilmoqda. Alohida qayd etish lozimki, hududda yaratilayotgan ko‘chatzorlar ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy rol o‘ynaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA