Orol o‘zining gumanitar, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlari jihatidan global muammoga aylanib ulgurdi.
Orolbo‘yi mintaqasining ekologik barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yangi islohotlar va xalqaro tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi «2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Bu borada amalga oshirilgan eng muhim ishlardan biri, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida BMT Bosh assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Ushbu maxsus rezolyutsiyada belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 29 iyulda «Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 2021 yil 18 maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bog‘liq 2021-2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan 7 ta yo‘nalishdagi 71 ta tadbirdan iborat «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. «Yo‘l xaritasi»dagi tadbirlar uchun turli manbalardan 312 mlrd. so‘m, 22,2 mln. AQSH dollari, 6 mln. yevroga teng mablag‘lar sarflanishi belgilab berildi. Shu bilan birga, qaror bilan maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 2021-2024 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishni maqsad qilgan. Xususan, unda quyidagilar nazarda tutiladi:
yangi ish joylarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish, kanalizatsiya, sanitariya va maishiy chiqindilardan foydalanish tizimlarini yaxshilash;
mintaqada sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish va aholi genofondini asrash tadbirlarini amalga oshirish;
mintaqada yashovchi aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish, ko‘p kvartirali uylarda uy ichi muhandislik kommunikatsiyalari va umumfoydalanadigan joylarni ta’mirlash, shuningdek bolalar va sport maydonchalarini barpo etgan holda uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish;
mintaqa aholi punktlarining transport, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sug‘orish va tashqi yoritish tarmoqlarini takomillashtirish, Nukus va Urganch shaharlarining zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan holda issiqlik ta’minoti tizimlarini yaxshilash.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy tumanlarida, Xorazm viloyatining Yangiariq va Qo‘shko‘pir tumanlarida joylashgan sanoat sohasida (avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar — 2027 yilning 1 yanvariga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tumanlarida — 2022 yilning 1 yanvariga qadar muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy va Kegeyli tumanlarida joylashgan tadbirkorlik sub’ektlari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va faqatgina ushbu tumanlarda foydalaniladigan maxsus texnika, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun 2020 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilishi belgilab berdilar muhtaram Prezidentimiz o‘z qarorlarida.
Shuningdek, joriy yilning 23 noyabr kuni Prezidentimizning «Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ham imtiyozlar berilishining bir davomi bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bu farmonda ushbu mintaqada yashovchi tadbirkorliklarga bir qator imtiyozlar berilgan.
Yuqoridagilarni ko‘rib aytishimiz mumkinki, global muammo sifatida xalqaro miqyosda hal qilinishga harakat qilinayotgan Orol dengizi fojiasini zarar va oqibatlarini iloji boricha kamaytirishga keskin choralar olib borilyapti.
Taklif o‘rnida esa shunga o‘xshash atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish nihoyatda muhim. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida kuzatilayotgan zarar va ta’sirlarni kompleks ravishda o‘rganish maqsadida xorijiy tajriba va ilmiy asoslangan chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish zarur. Nafaqat ishlab chiqish, balki barcha ushbu mintaqadagi aholini birgalikda ushbu choralarni qo‘llashdagi ishtirokini ta’minlashga ham harakat qilish zarur.
O‘tkazilgan tadqiqotlardan asos sifatida keltiradigan bo‘lsak ham, Orol va Orolbo‘yi muammosini yechishdagi uchta asosiy yo‘nalishlar, ya’ni, birinchidan, ichimlik suvini quvurlar orqali aholiga yetkazib berish bilan hududning sanitar-epidemiologik ahvolini yaxshilashga, shuningdek, yer osti chuchuk suvidan foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash va sanitariya xizmati darajasini keskin yuqoriga ko‘tarish zarurligi uqtirildi.Ikkinchidan, dengizning qurigan janubiy qirg‘oqlarida sun’iy damba qurib, delta ekosistemasini doimiy suvlantirish yo‘li bilan «Yashil kamar» hosil qilish; uchinchidan, dengizni o‘zini saqlash. Uni saqlash uchun unga sistematik ravishda ko‘p miqdorda suv yuborib turish kerakligi va bundan tashqari Orolni qurigan tubida saksovulzorlar barpo etish natijasida qum ko‘chishi, chang ko‘tarilishini oldini olinishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi. Zero, bu shu zaminda yashayotgan har bir insonning ona Vatanimizga, uning tabiatiga bo‘lgan farzandlik burchidir.
Farangiz Eshturdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi