O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida “Orol bolalar nigohida” nomli bolalar rasmlari tanlovi asosida ko‘rgazma va g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamkorligida tashkil etilgan tanlov doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab 400 nafarga yaqin o‘quvchilarning 600 ga yaqin ijodiy ishlari jamlanib, ko‘rgazmaga uchun saralab olindi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, yosh avlodning Orolbo‘yi hududidagi ekologik masalalarga bo‘lgan munosabatini ijodiy ishlari orqali namoyon etib, ularda atrof-muhitga bo‘lgan madaniyatni shakllantirish, butun dunyo jamoatchiligi e’tiborini Orol muammolariga qaratishdan iborat.
[gallery-24153]
Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, maktabdan tashqari ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalarda ekologik ong va estetik didni shakllantirish, ularni jamiyatdagi dolzarb masalalarga befarq bo‘lmagan, faol va ijodkor shaxslar sifatida tarbiyalashdan iborat.
Ushbu tanlov orqali bolalar Orolbo‘yi ekologik muammolariga o‘z ijodiy nigohi orqali yondashdi. Unda shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar maktablaridan 7-16 yoshgacha bo‘lgan jami 400 nafarga yaqin to‘garak a’zosi ishtirok etdi. Mazkur tanlovda 7-10 yoshlar toifasi bo‘yicha J.Izentayev nomidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Fazilbek Xalilayev, 11-13 yosh toifasi bo‘yicha ushbu ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Sharyar Toreniyazov, 14-16 yoshlar toifasi bo‘yicha Taxtako‘pir tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining to‘garak a’zosi Ruslan Baltamuratovlar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Mo‘ynoq tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zosi Munira Umrzoqova “Qadriyatlar uchog‘i Orol” nominatsiyasi, Mo‘ynoq tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zosi Barchinoy Munajatdinova “Mening orzuyimdagi Orol” nominatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zosi Sarbinaz Uzoqbayeva esa “Orol ertagi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, eng yaxshi asarlar Toshkent shahrida o‘tkaziladigan ko‘rgazmada namoyish etiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA