Qaror va sharh
Bu chinor shunday bahaybatki, tanasiga uch odamning quchog‘i zo‘rg‘a yetadi. Tagida o‘tirsang – rohat. Yerga tangadek oftob tushmaydi. Yengilroq yomg‘ir yog‘sa bir dona tomchini ham o‘tkazmaydi.
Uning soyasida dam olar ekansiz, har tomonga quloch yozgan baquvvat shoxlar e’tiboringizni tortadi. Daraxtning shoxlari orasida esa yana bir hayot qaynaydi. Minglab qushlar chug‘urlaydi. Ularning qanchasi unga qo‘nib, ketuvchilar. Yana qanchasi shu yerni oshyon tutgan, in qurgan.
Chinorga tirmashma, inlarga qo‘lingni tiqma, deydi bolalarga yoshi kattalar. Ichida ilon bo‘lishi mumkinligini aytadi. Ilon yo‘q, balanddan yiqilmasin yoki shoxni sindirmasin, deb yolg‘on gapirasiz degancha itoat qiladi mahmadona bolakay.
Bu chinor qishloqning adog‘ida, katta ariq yoqasida tomir otgan. Hudud ahli undan bosh bekat vazifasida foydalanadi. Bobolar uning yoshini ikki asrga teng deydi. Qarovi yaxshi bo‘lsa yana shuncha yashashini aytadi.

Bunday chinorlar, mevali bog‘ va o‘rmonlar olis-olis qishloqlarimizda juda ko‘p. Ular bizning tabiat, daraxtlar bilan qanchalik uyg‘unligimizni anglatadi.
Xalqimiz azaldan tabiatga ehtirom bilan yondashgan, uni asrab-avaylash, oqilona foydalanish borasida yuksak madaniyat namoyon etgan. Ayniqsa, bog‘ yaratish, daraxt ekish va o‘rmonlarni himoya qilishga doir an’analar ming-ming yillar davomida shakllangan. Bu qadriyat avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 mayda “O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat respublikada o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanish, o‘rmon bilan qoplangan hududlarni kengaytirish va o‘rmon plantatsiyalarini barpo etishni yanada jadallashtirishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Qaror xalqimizning ko‘p yillik qadriyatlariga mosligi bilan yanada ahamiyatli.
O‘rmonlar va daraxtzorlar tabiiy muhitni asrab-avaylashda muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz buni juda yaxshi anglaydi. Shuning uchun bu hujjatning ijrosi samarali bo‘ladi, deb ayta olamiz. Fikrimizni “Yashil makon” dasturi doirasida har yili millionlab tup daraxt ekilayotgani misolida ham asoslashimiz mumkin.
Keyingi uch yilda yetti yuzga yaqin bog‘ va uch yuzdan ortiq jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida esa qariyb ikki million gektarli butazor barpo etildi. Bu oddiy, kichkina raqamlar emas. Ushbu raqamlarga qarab daraxt ekish ishlari chin ma’noda umummilliy harakatga aylanganini anglash mumkin. Xayrli ishlar davom ettirilib, joriy yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklari soni yanada ko‘paydi. Ularda “ilm – loyiha – amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urug‘chilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
– Umuman, hujjat bilan 2030 yilgacha bir yarim million gektarda o‘rmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda uch ming sakkiz yuz gektar o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish nazarda tutilmoqda, – deydi O‘rmon xo‘jaligi agentligi bosh mutaxassisi Zafar Eshonqulov. – Yana 2030 yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urug‘larini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va ko‘chatlarni yetishtirish belgilandi. Bundan tashqari, besh yil ichida ma’lum gektar gektar o‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirish, himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsad qilingan. Yana bir muhim jihati, yaqin istiqbolda tog‘ va tog‘oldi hududlardagi 500 gektarda “terrasa” usulida daraxt hamda buta ko‘chatlari ekiladi.
Qarorga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligi sohasini to‘liq raqamlashtirish, “aqlli” o‘rmon xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish maqsadida O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi huzuridagi “O‘rmontexnoservis” davlat unitar korxonasi negizida “O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi tashkil etilishi belgilandi.
Har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti tabiiy resurslarni oqilona boshqarish, ayniqsa, o‘rmonlar kabi bebaho manbalardan samarali foydalanishga bog‘liq. Mamlakatda o‘rmonlarni kengaytirish va o‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirish nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki iqtisodiy o‘sish va jamiyat farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘rmonlar havoni tozalaydi, tuproq eroziyasining oldini oladi va biologik xilma-xillikni saqlab qolishga yordam beradi. Xususan, O‘zbekiston sharoitida – iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish jarayonlari tezlashib borayotgan bir vaqtda o‘rmonlar ekologik barqarorlikni ta’minlovchi asosiy omillardan biridir.
Shuningdek, o‘rmonlar suv resurslarini saqlashda ham muhim o‘rin tutadi. Ular tog‘li va tog‘ yonbosh hududlardagi manbalarni muhofaza qiladi, yomg‘ir suvlarining tuproqqa singishiga yordam beradi, sel va suv toshqinlarining oldini oladi.
O‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha daromad keltiradi. Bu sohada qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati bilan bog‘liq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri