Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari G‘anisher Xo‘jayev ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, fan-texnika taraqqiyoti jadal rivojlanishi munosabati bilan tabiiy zahiralardan xo‘jalik maqsadlarida tobora ko‘proq foydalanilmoqda. Dunyoda aholi soni yildan-yilga o‘sib borayotgani ko‘proq miqdorda oziq-ovqat, yoqilg‘i, kiyim-kechak va boshqa narsalarni ishlab chiqarishni talab qilmoqda. Bu esa o‘rmonlar egallab turgan maydonlarning jadal sur’atlarda qisqarishi, tuproq buzilishi, atmosferaning azon to‘sig‘i kamayib ketishi, yer havosining o‘rtacha harorati ortib borishi va boshqa holatlarga sabab bo‘lmoqda.
O‘rmonlar yong‘in, zararkunanda va kasalliklar, noqonuniy daraxt kesish va boshqa o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilib boriladi. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan daraxtlarni kesish va yog‘och sotish qoidalari bajarilishi, shuningdek, pichan o‘rish, mol boqish va o‘rmondan foydalanishning boshqa turlari qoidalariga rioya etilishi nazorat qilinadi. O‘rmon zararkunandalari va kasalliklari o‘chog‘i o‘z vaqtida aniqlanib, ularga qarshi biologik, mexanik kurash olib boriladi.
O‘rmon yong‘ini kelib chiqishi tabiat va insoniyatga juda katta zarar keltirishi barchamizga ma’lum. O‘rmonda sodir bo‘lgan yong‘in o‘rmondan ajralib chiqadigan kislorod miqdorining keskin kamayishi, tuproq tarkibining buzilishi, foydali hashorat va mikroorganizmlarning yo‘qolib ketishiga olib keladi. Olimlarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘yicha har yili o‘rmonlar yong‘ini oqibatida 2 million tonnadan ortiq organik modda yo‘q bo‘lib ketadi.
O‘rmonlarni yong‘indan asrash uchun o‘rmon xo‘jaliklari va qo‘riqxonalarimizda ko‘ngilli o‘t o‘chirish navbatchilik guruhlari tashkil etilgan. Ular yong‘in o‘chirishga zarur moslamalar, asbob va uskunalar bilan ta’minlangan, o‘rmon hududlari yoki ularga yaqin joylarda suv hovuzlari tashkil etilgan, xo‘jalik va qo‘riqxonalar, milliy bog‘ hududlari suv uzatish nasoslariga, traktorlar va avtomashinalarga ega. Bundan tashqari, yong‘in xafsizligi qoidalari targ‘ibotiga oid turli plakatlar va ko‘rgazmali shiorlar, pannomalardan foydalaniladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 99 foiz holatlarda bevosita insoniyat tufayli, qolgan 1 foiz holatda tabiiy ofatlar sababli o‘rmonlarda yong‘in kelib chiqadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon fondi yerlarida 17 ming gektar maydonda o‘rmon bilan qoplangan turang‘il to‘qayzorlari mavjud. Ushbu to‘qayzorlar Amudaryoning ikki qirg‘og‘ini qamrab olgan. Ular suvni ortiqcha parlanish, qirg‘oqlarni yemirilishdan saqlaydi. Shuningdek, turli yovvoyi hayvonlar – tulki, bo‘ri, to‘ng‘iz, quyon va boshqalar, tustovuq, kaklik, bedana, to‘rg‘ay, laylak va boshqa qushlarning ko‘payishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan makonlardan biridir. Ana shu to‘qayzorlarda yong‘in chiqishining oldini olish yuzasidan har yili xo‘jaliklarda zaruriy chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
O‘rmonlardagi daraxtlarning kasalliklarga chalinib, qurib qolmasligi yoki o‘z-o‘zidan yonib ketmasligi uchun har yili bahor va kech kuz oylarida ular butab turiladi. Kasallikka chalinganlari olib tashlanib, o‘rniga yangilari ekiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA