Soha vakillarining ta’kidlashicha, o‘rmonzorlar Yer shari yuzasida keng tarqalgan geografik manzaralardan biri hisoblanadi. Jahon miqyosida quruqlik yerning 29 foizga yaqini yoki 3700 million gektardan ortiqrog‘i o‘rmonzorlar bilan band. Shundan taxminan uchdan bir qismi xo‘jalikda o‘zlashtirilgan, qolganlari esa hosil bermaydigan yoki berishi qiyin bo‘lgan yerlarda joylashgan, ya’ni o‘zlashtirilmagan.
O‘rmonlardan insonlar yog‘och mahsulotlari, o‘tin, yong‘oq, dorivor giyohlar olish kabi turli maqsadlarda foydalanishadi. Umuman o‘rmonchilik odamlar hayotining bir bo‘lagi va ularning yashashi uchun zarur bo‘lgan omildir.

Davlatimiz rahbarining “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida bir qancha zaruriy chora-tadbirlar belgilab berilgan. Mazkur hujjatga asosan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan o‘rmonlar barpo etish, qayta tiklash va o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish tadbirlari uchun maxsus texnikalarni sotib olish, xo‘jaliklarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2024 – 2026-yillarda respublika byudjetidan talab etiladigan zarur mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.
Shunga muvofiq, 2025 yilda respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 81 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi – 15 ta traktor, 55 ta kultivator, 6 ta mini ekskavator va 5 ta suv tashuvchi avtomashina xarid qilindi. Ushbu texnikalarning barchasi “Toshkent traktor zavodi”, “Samarqand avtomobil zavodi” hamda Xorazmdagi “UzXCMG” kabi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan. Qayd etish lozimki, xarid qilingan zamonaviy texnikalar yong‘inga qarshi kurashish, terassa usulida o‘rmonlar barpo etish, ko‘chat ekish va ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati rahbari Ismatulla Do‘stmurodov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rmonchilikni rivojlantirish, yashillik olamini kengaytirish uchun, eng avvalo yurtimiz iqlimiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirishga asosiy e’tibor qaratildi. Daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritildi. 18 ta o‘rmon xo‘jaligi ko‘chatchilikka ixtisoslashtirildi. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 350 gektardan ziyod maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chati ekish, 2030 yilga qadar respublikada yashillik darajasini 30 foizga, o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 8 foizdan 15 foizga (6,1 mln gektar) yetkazish maqsad qilingan. Loyiha doirasida o‘tgan 4 yil davomida respublika bo‘yicha jami 872 million tup daraxt va buta ko‘chati ekilgan. Joriy yil bahor mavsumida ham 125 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda hududlar tuproq-iqlim sharoitiga mos 136,9 million tup, shundan, o‘rmon fondi yerlarida 8,3 million tup daraxt va buta ko‘chati ekildi. Ko‘chat ekish tadbirlari uchun 90 ta yangi suv chiqarish qudug‘i va 478,45 km masofada sug‘orish tizimlari ishga tushirildi. Sug‘orish imkonsiz bo‘lgan hududlarga 460 ta texnika biriktirildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida 126,2 ming gektar, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 71,9 ming gektar, Buxoro viloyatida 23,3 ming gektar, Navoiy viloyatida 16 ming gektar va Xorazm viloyatida 15 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” hamda cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda tuproq eroziyasiga qarshi 256 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan.
Bu kabi chora-tadbirlar davom ettiriladi. Xususan, 2025 yil “Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davomida “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumida 75 million tup daraxt va buta ko‘chati ekish ko‘zda tutilgan. Kelgusida 257 ta “yashil bog‘” barpo etilib, ularning umumiy soni 701 taga yetkaziladi, 450 ming daraxt va buta xatlovdan o‘tkaziladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA