17 iyun kuni kechki payt Surxondaryo viloyati Boysun tumani Kengdala o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda quruq o‘tloqzorda yong‘in yuz bergan.
Bu haqda soat 17:45 da viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar berilgach, zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan. Tegishli xizmatlar va ko‘ngillilar hamkorligidagi harakatlar natijasida 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chog‘i 18 iyun kuni soat 07:10 da bartaraf etilib, keng maydonlarga tarqalishining oldi olingan.
Hodisa haqida rasmiy bayonot bergan Surxondaryo viloyat hokimligiga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etishga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 85 nafar shaxsiy tarkib, to‘rtta texnika, o‘rmon xo‘jaligi bo‘limining 40 nafar xodimi, to‘rtta texnikasi, ichki ishlar organlarining olti nafar xodimi, Mudofaa vazirligining 20 nafar harbiy xizmatchisi va bitta harbiy vertolyoti, 40 nafar mahalliy ko‘ngilli aholi jalb etilgan.
Shuningdek, sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish jarayonida yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun Chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish vositalaridan ham foydalanilgan.
Rasmiy bayonotda yong‘in sabablari va necha gektar maydonga zarar yetkazilgani haqida ma’lumot berilmagan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri