Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rmonchilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari yanada takomillashtiriladi
12:17 / 2024-11-01

O‘zbekiston Respublikasi Vazilar Mahkamasi “O‘rmonchilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar etib belgilandi. 

Qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasiga bino qurish va tajriba o‘tkazish uchun Nukus tumani hokimligi zaxirasidan ajratiladigan yer maydonlari tasdiqlandi. 

2024 yilda Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti hisobidan jami 8 mlrd so‘m, shu jumladan, stansiya binosi qurilishi uchun 6 mlrd so‘m va uning moddiy-texnik bazasini yaratish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi. 

2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetidan ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismi hisobidan, ushbu mablag‘lar yetishmagan taqdirda esa, O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. 

2024 yil mobaynida Ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalarni moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan belgilangan tartibda cho‘l sharoitiga bardoshli daraxt-buta ko‘chatlarini yetishtirish hamda daraxtzorlarni barpo etishning ilg‘or texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun 1,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. 

Shuningdek, mazkur qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida davlat muassasasi shaklida Kegeyli davlat o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi. 

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 31 maydagi PQ-174-son qarori bilan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkiliy tuzilmasida davlat muassasasi shaklidagi Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasini tashkil etish belgilangan edi.

O‘zA