O‘rmon xo‘jaligi tizimida ilk marotaba 49 yillik ijaraga berish tizimi joriy qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlarini ijaraga berish tizimida investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 49 yilgacha muddatga ijaraga berishi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’kidlanishicha, ijara shartnomasi asosida 25 nafar xususiy sektor sub’ektiga parrandachilikni rivojlantirish maqsadida 671 gektar yer maydoni berilgan. Natijada parrandalar soni 451 ming donaga yetkazildi.
Xususiy sektor sub’ektlari bilan birgalikda o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan o‘rmon fondi yerlaridan qo‘shimcha foydalanish hisobiga 28 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, 47 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etish va chorva sonini 150 ming boshga, parranda sonini bir millionga, asalari oilasi sonini 200 mingga yetkazilishi rejalashtirilgan.
2019-2020 yillarda hududiy o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2 ming 274 gektarda ihota daraxtzorlari barpo etildi. 2020-2021 yillarda esa bu boradagi ko‘rsatkich 2 ming 703 gektarga yetkazildi.
Joriy yil 92 ta ob’ektda tanlov savdolari o‘tkazildi, shuningdek, 2 ming 428 gektarda ihota daraxtzorlari barpo etish ishlari amalga oshirilib, bugunga kelib belgilangan reja 97 foizga bajarildi.
Ihota daraxtzorlarining foydali xususiyatlari shundan iboratki, ekilgan ihota daraxtzorlari iqlimni mo‘’tadillashtirib, garmsel shamollari tabiat va ekinlarga zarar yetkazish hamda qum va tuproq ko‘chishidan himoya qiladi.
2020 yildan boshlab ekilayotgan ihotazorlarning ko‘proq qismiga tut daraxti ekilayotgani ikki tomonlama foyda bermoqda. Birinchisi, ihota sifatida bo‘lsa, ikkinchisi, ipak qurtiga ozuqa bo‘lib, bu mamlakatda muhim sohalardan bo‘lgan pillachilikni rivojlantirishga asosiy omil bo‘ladi.
Ekilayotgan ihotazorlar ekinlarni zararli hasharotlardan himoya qilibgina qolmasdan foydali hasharotlarning ko‘payishiga ham imkon yaratadi hamda kuchli shamol va bo‘ronlar ta’sirini kamaytiradi.
– O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida xizmat turlari faoliyatni raqamli texnologiyalar asosida elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov.
— Buning uchun o‘rmon fondi yaylov yerlarida chorva mollarini o‘tlatish, pichan o‘rish uchun onlayn bilet (ruxsatnoma) berish tizimi joriy etiladi. Agar jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan yaylovdan foydalanish bo‘yicha byurokratik to‘siqlar yo‘qotilsa, uzoq muddat kutish, inson omilini kamaytirishga erishiladi. O‘rmon fondi yaylov yerlarida chorva mollarini boqish yuzasidan ruxsatnoma taqdim etuvchi barcha uchun ochiq bo‘lgan shaffof tizim yaratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, Yoqubjon Meliboyev (surat), O‘zA